Xalqaro hamkorlik loyihalari samarasi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreyaning Xalqaro hamkorlik tashkiloti KOICA o‘rtasida “SOVID-19 pandemiyasidan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Memorandum imzolangan edi.
Loyihaga ko‘ra, Buxoro viloyatining Qorako‘l, Shofirkon va Kogon tumanlarida kompyuter savodxonligi, buxgalteriya, ayollar sartaroshligi, tikuvchilik, pazandachilik hamda uy hamshiraligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi hamda o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi.
“Zamin” Xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning yurak kasalliklari bilan og‘rigan 35 nafar farzandlariga tibbiy operatsiya va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan 3 ming nafar aholi uchun tibbiy ko‘rik, exokardiogramma va ultratovush tekshiruvlari tashkil etiladi. Ularga 33 turdagi dori-darmon va vitaminlarni o‘z ichiga olgan tibbiy vositalar jamlanmasi taqdim etiladi.
Ayollarning o‘z biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ullari hamda Koreya Xalqaro hamkorlik tashkiloti KOICAning O‘zbekistondagi dastur menedjeri Bek Chubin hamda WFK koordinatori Shukurullo Shukurov Buxoro viloyati Kogon tumani Xo‘ja Yakshaba mahalla faollari yig‘ini binosida tashkil etiladigan xotin-qizlar tadbirkorlik markazi o‘rganildi.
Mavjud kamchiliklar va zarur hollarda faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi bo‘sh turgan binolardan joy ajratilishiga ko‘maklashish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi. Ushbu tadbirda bevosita tuman hokimi va sektor rahbarlari qatnashdi.
Markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, kasb-hunarga o‘qitish, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi.
Mamlakat hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, joylarda “Ayollar daftari” ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli o‘rganish, tahlil qilish va hal etish borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Shofirkon tumanida ham xotin-qizlar markazi tashkil etish rejalashtirildi. Tadbirda tuman hokimi, hokim o‘rinbosarlari va tegishli quruvchi tashkilotlar ishtirok etdi. Kamchiliklar o‘rganildi va shu bilan birga ularni bartaraf etish hamda qayta ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
[gallery-4233]
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirganlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxat asosida o‘qitilib, kelgusida o‘z ishini yo‘lga qo‘yishga muvofiq bo‘lishadi.
Qorako‘l tumanida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya Xalqaro hamkorlik tashkiloti vakillari kompyuter savodxonligi, buxgalteriya, ayollar sartaroshligi, tikuvchilik, pazandachilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladigan binolarni o‘rgandi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Mehmonlar yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar oldi. Viloyat bo‘yicha 50 nafar mana shunday toifadagi oilalarning a’zolariga isitish moslama(elektr pech)lari tuhfa etildi.
–35 yildan beri o‘qituvchilik qilaman, – deydi tumanning Darg‘abobi qishlog‘ida yashovchi Komil Sobirov. – Turkmaniston Respublikasidan bir nafar qizi bilan ko‘chib kelgan ammam bor edi. Ammamning vafotidan so‘ng uning qizi Guliston Hamroyevani asrab olganman. Guliston yoshligidan nogiron – gapira olmaydi. Ayni kunda mendan boshqa uning yaiqini yo‘q. Shuning uchun bizning xonadonda yashaydi. Bugun mas’ullar kelib Gulistonning holidan xabar olishdi. Bundan juda xursandmiz.
Mehmonlarning keyingi manzili tumanning Chovirchi qishlog‘ida yashovchi yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan 78 yoshli Gulsara Norova xonadoni bo‘ldi. Gulsara Norova umri davomida bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlagan.
– Davlatimizdan minnatdorman, – deydi Gulsara Norova.
– Meni har gal eslab, og‘irimni yengil qilib kelishmoqda. Qarindoshlarim Turkmaniston Respublikasida yashaydi. O‘zbekistonda meni qarindoshlarim yo‘q. Lekin menga o‘zbeklar qarindoshdek bo‘lib qolgan. Men baxtiyor yurtda yashayotganimdan xursandman.
Tumanning “Osiyo” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat bo‘limi tomonidan 2 ming 725 nafar aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Ularga kardiolog, genekolog, UZI, lor, terapevt kabi soha mutaxassislari xizmat ko‘rsatdi. Tibbiy ko‘rikka kelganlarga 33 turdagi dori-darmon va vitaminlarni o‘z ichiga olgan tibbiy vositalar jamlanmasi taqdim etildi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA