Xalqaro hamkorlik istiqbollari
Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Xitoyning eng yirik qurilish va muhandislik pudratchilaridan biri “China Railway Group Limited” (CREC) korporatsiyasining MDH davlatlaridagi bosh direktori Xu Xianhui bilan uchrashdi.
Xitoylik investor uzun va katta diametrli tunnellar, po‘lat ko‘prik konstruksiyalari, tezyurar temir yo‘l tarmoqlarini loyihalash va qurish borasida to‘plangan boy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Qayd etilganidek, CREC ko‘prik texnologiyasi, tunnel va metro liniyalari qurilishida yetakchi hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida ko‘plab davlatlarda, jumladan, Vetnamda ham yirik qurilish loyihalarini amalga oshirgan.

Uchrashuvda Davron Hidoyatov "Nurafshon biznes sity" hududida rejalashtirilgan ob’ektlar, Toshkent dengizi atrofida turistik majmualarni va viloyatning shahar-tumanlarini bog‘lovchi yangi transport qatnovlari bo‘yicha tezyurar avtomobil yoki temiryo‘l loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Xususan, «Toshkent – Nurafshon – Bekobod» yo‘nalishida metro liniyasini bunyod etish borasidagi loyiha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Pokistonning “ASL Pharma” tibbiyot kompaniyasi boshqaruv direktori doktor Shakir Ullax bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatda xalqaro tibbiyot institutini tashkil qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur ta’lim dargohida o‘qitish shakli ingliz tilida, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etiladi. Bitiruvchilar dunyoning boshqa davlatlarida ishlashi mumkin. Shuningdek, mamlakatimizda onkologiya va transplantologiya sohalarini ham rivojlantirishdan iborat.

Amalga oshiriladigan bu kabi sa’y-harakatlar natijasida viloyatda ta’limga investitsiya kiritish, tibbiyot turizmini rivojlantirish, joylarda ixtisoslashgan tibbiyot klinikalarini tashkil qilishdir. Buning uchun investor tomonidan boshlang‘ich mablag‘ sifatida 2 million dollar, keyinchalik 10 million dollar ajratilishi aytib o‘tildi.
Viloyat hokimi mazkur loyihani ma’qullab, viloyatda aholi salomatligini yaxshilash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, hudud yoshlari orasidan malakali shifokorlar tayyorlash borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
A.Musayev,O‘zA.