Xalqaro hamkorlik ekologik islohotlarga yangi imkoniyatlar ochmoqda
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekistonning ekologik diplomatiya va barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish uchun muhim maydonga aylandi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologik masalalar bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov qator nufuzli xalqaro tashkilotlar va muassasalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlarda bio xilma-xillikni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv, “yashil” innovatsiyalar, ekologik ta’lim va barqaror iqtisodiy taraqqiyot masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bio xilma-xillikni saqlash, tabiatga asoslangan yechimlarni keng joriy etish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishni takomillashtirish va ekoturizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, bio xilma-xillik bo‘yicha yangilangan Milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish, Markaziy Osiyoning mintaqaviy Qizil ro‘yxatini yaratish hamda transchegaraviy muhofaza hududlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda “yashil” sanoatlashtirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni samarali boshqarish va sanoatni modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar iqlim innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, startaplarni rivojlantirish hamda iqlim barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, “National Geographic Society” tashkiloti vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning noyob tabiiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, hujjatli filmlar va raqamli kontent yaratish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, Orolbo‘yi hududi, tog‘ va cho‘l ekotizimlarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ekspeditsiyalar tashkil etish taklif qilindi.

Omon Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuvda esa cho‘llanishga qarshi kurashish, suv resurslarini boshqarish, bio xilma-xillikni asrash va chiqindilar bilan ishlash sohasidagi amaliy hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va qumlarni mustahkamlash texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borish tashabbusi ilgari surildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA