Xalqaro anjumanda hamkorlikning muhim masalalari muhokama etilmoqda
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida “O‘zbekiston – Rossiya: Yevrosiyo makonida strategik sheriklik” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishtirokchilari sessiya muloqotlarida “Qo‘shma rivojlanish makoni: investitsiyalar, sanoat hamkorligi va raqamlashtirish”, “Shimol va Janubni bog‘lash: transport, logistika va infratuzilma” mavzulariga oid ma’ruzalarni tingladi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xususan, “Qo‘shma rivojlanish makoni: investitsiyalar, sanoat hamkorligi va raqamlashtirish” mavzuidagi sessiya yig‘ilishida sanoat hamkorligi va investitsiya faoliyatini tashkil etish umumiy, ochiq va barqaror iqtisodiy makonni barpo etish ustuvorligi asosida qo‘shma rivojlanishning eng muhim masalalaridan biri hisoblanishi ta’kidlandi. Rossiya va O‘zbekiston kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, investitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lib, iqtisodiyot sohasida amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini birga belgilab kelayotgani qayd etildi.
Ekspertlarning aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya mazkur sohada sezilarli yutuqqa erishdi. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlab, investitsiya kiritmalarining hajmini oshirdi.
[gallery-28453]
Muloqot chog‘ida investitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish mexanizmlari, ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida xizmatlar sohasini raqamlashtirish va avtomatlashtirish masalalari muhokama qilindi. Shu yo‘nalishda umumiy rivojlanish makonini yaratish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, sanoat hamkorligi, investitsiyalar va innovatsiyalarni joriy etish borasida erishilgan natijalar tahlil qilinib, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va yangi o‘sish nuqtalarini belgilash masalalari ko‘rib chiqildi.
Anjumanning “Shimol va Janubni bog‘lash: transport, logistika va infratuzilma” mavzuidagi sessiya muloqotida qayd etildiki, Rossiya va O‘zbekiston uchun strategik ustuvor yo‘nalish – eng zamonaviy texnologik yechimlar asosida ishlaydigan rivojlangan transport tizimi va xalqaro savdo uchun moslashuvchan infratuzilmani shakllantirishdan iborat. Bu holat transport-logistika tizimlari samaradorligini oshirib, transchegaraviy koridor yaratish va ular atrofida savdo, sanoat klasterlarini shakllantirish, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni taqozo etadi.
Sessiya yig‘ilishida ham Markaziy Yevrosiyoda nafaqat xalqaro savdo infratuzilmasini barpo etish, balki iqtisodiy jarayonlarni boshqarish va umumiy rivojlanish makonini shakllantirish bilan bog‘liq an’anaviy hamda yangi vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Xalqaro konferensiyaning sessiya yig‘ilishlari ertaga davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat),
O‘zA muxbiri