Xaker bo‘lishdan foyda yo‘q
Toshkentdagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan seminar shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda axborot xavfsizligi, kibertahdidlarga qarshi kurashish mexanizmlari va virtual jinoyatchilarni qidirish uslublariga oid so‘nggi ishlanmalar namoyish etildi.
Toshkentdagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan seminar shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda axborot xavfsizligi, kibertahdidlarga qarshi kurashish mexanizmlari va virtual jinoyatchilarni qidirish uslublariga oid so‘nggi ishlanmalar namoyish etildi.Uchrashuvda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, kiberxavfsizlik sohasidagi mahalliy va xorijiy kompaniyalar, “Kaspersky lab” kompaniyasi vakillari, axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Dunyoda kiberjinoyatchilik o‘sishi bilan birga, virtual jinoyatchilardan himoyalanish uslublari ham takomillashayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda mamlakatimiz davlat organlari axborot tizimlarini ishlab chiqishda ularni ko‘p bosqichli himoyalovchi hamda har qanday sanksiyalanmagan foydalanishga barham beradigan eng yangi texnik ishlanmalar qo‘llanilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 29-avgustdagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi ish boshladi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan jinoyatchilar xakerlik hujumlarida qo‘llaydigan uslub va strategiyalar, ularning internet foydalanuvchilari orqali qabul qiladigan axborotni monetizatsiyalash bo‘yicha standart usullariga oid malumotlar taqdim etildi. Shuningdek, yirik tashkilotlarga qaratilgan eng ko‘p tarqalgan kiberhujumlarning ssenariylari haqida aniq misollar bilan atroflicha so‘zlab berildi. Huquqni himoya qilish organlarining jinoyatchi shaxsini aniqlash maqsadida o‘tkazadigan tergovi jarayonida qo‘llaydigan uslub va vositalari tadbir ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Xususan, xaker joylashgan manzilni aniqlash imkonini beradigan turli dasturlar namoyish etildi. Bundan tashqari, mutaxassislar xakerlar ko‘pincha internet tarmog‘ida qoldiradigan izlar, shu va boshqa qo‘shimcha alomatlar orqali jinoyatchilarni topish masalalarini muhokama qildi.