Vodiy qishloqlaridagi aholi daromadi oshmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi hamda “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi” (IFAD) vakillari Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlariga tashrif buyurdi.
“Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasini o‘rganish maqsad qilingan ushbu tashrif davomida tijorat banklari, viloyat hokimliklari va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar jahon tajribasiga tayangan holda o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, tavsiyalar berdi.

Qayd etish kerakki, jamg‘arma tomonidan loyihaga jami 92,4 million AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, shundan 1,1 million AQSH dollari grant hisoblanadi. Loyihani amalga oshirishning asosiy maqsadi Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi qishloq aholisi daromadlari, turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan.
Bu borada aynan respublikamizning vodiy viloyatlari tanlanishi ham bejiz emas. Aholining mirishkorligi, yer maydoniga nisbatan zichligi, mo‘’tadil iqlim va yuqori salohiyatini inobatga olgan holda loyihani aynan Farg‘ona vodiysida amalga oshirish maqsad qilingan.

Loyiha o‘z biznesini rivojlantirish uchun sarmoyaga muhtoj bo‘lgan, ammo mablag‘ yetishmasligi yoki garov talablari kabi cheklovlarga duch kelgan qishloq korxonalariga qaratiladi.Loyiha doirasida 2023 yilning shu davriga qadar 49,5 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ jalb qilinib, natijada 3 478 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ushbu imkoniyatlardan mamnun Namangan viloyati Norin tumani Zarbdor mahallasi faoli loyiha mas’ullariga hududda joylashgan “Dildora” Fermer xo‘jaligida bugungi kunda 16 ta ishchi o‘rni yaratilganini va ularning asosiy qismini yoshlar tashkil etishini ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, viloyat hokimliklari va suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan hamkorlikda 25 ta sug‘orish qudug‘i uchun loyihalar ishlab chiqilib, hududlarni sug‘orish tizimlari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Natijada 156 ta fermer xo‘jaligi suv bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

Loyihadan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirishning o‘ziga xos talablari bor. Birinchi bosqichda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahri va Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 2 ta veterinariya klinikasi qurilib, chorva hayvonlarida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish va davolash uchun barcha asbob-uskunalar bilan jihozlab foydalanishga topshirilgan. Bu mazkur hududda chorvachilik yaxshi rivojlanganligi va chegara hudud ekani borasidagi xulosalardan so‘ng amalga oshirilgan.
Hozirda loyihaning ikkinchi bosqichi mablag‘lari hisobidan Namangan viloyatida ham veterinariya klinikasini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Loyiha ko‘magida “Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash” davlat jamg‘armasidan kredit qiymati 161,3 milliard so‘m miqdoridagi 811 ta sub-loyiha uchun 70,1 milliard so‘m kafillik mablag‘lari ajratildi. O‘z navbatida loyiha kredit liniyasining yillik foiz ustamasi sezilarli darajada pasayishi natijasida tadbirkorlik faoliyatini olib borishda katta imtiyoz bo‘lib xizmat qiladi.
Chekka tuman qishloqlarda yashayotgan tadbirkorlikka qiziqishi bor ayollar uchun loyihaning qulayliklari va natijalar haqida vodiy viloyatlarida “Ishbilarmon ayollar” assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘quv seminarlari tashkil qilingan. Tadbirkorlikka qiziqishi bor va shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan 245 nafar ayol sub-loyihalarda ishtirok etgan va ularga 17,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Darhaqiqat, bu kabi amalga oshirilgan ishlar salmog‘i talaygina, rejalar esa ulkan. Eng muhimi, minglab insonlarning bu loyihadan manfaatdorligi va mamnunligidir.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA