VODIY GAVHARI
1
Samolyotdan tushiboq shahri Boburga qarab ot surdim. Boradigan, ko‘radigan manzillar saf-saf edi safar rejamizda. Ammo Bobur shahrini ko‘rish istagi baland chiqdi hammasidan. Axir, atigi ikki-uch yilda dunyoga kelgan, erta-indin 500 ming aholini bag‘riga oladigan bir ulkan shaharni ko‘rish qaysi dilni orziqtirmaydi, qiziqtirmaydi, deysiz!
Ulovimiz, qog‘ozlarda 1941 yilning 6 martida tashkil topgani qayd etilgan, chin yoshini esa hali-hanuz yaratganning O‘zidan boshqa hech kim bilmaydigan; ming-minglab odamlarni yedirgan, ichirgan, kiyintirgan; goh kuldirgan, goh o‘ylatgan, goh yig‘latgan; daryolari guvillab, soylari sharqiragan; qir-adirlarida chuchmo‘malar gullab, bo‘tako‘zlar sollonib, cho‘g‘day qizg‘aldoqzor dala-dashtlari tovusrang kapalaklar raqsidan sargashta, yam-yashil bog‘u chamanlar o‘lkasi -- Andijon zaminida yeldek uchib boryapti.
Ketyapman-u, xayolimda uch-to‘rt yil burungi voqealar jonlangandek bo‘ladi. O‘shanda o‘tkazilgan yirik anjumanda mamlakatimiz rahbari shunday iboralarni tilga olgan edi:
-Andijondagi uy-joy muammosini hal qilish uchun ikki-uch yildan beri o‘zimni qiynayman. Chunki yer kam, uylarga talab yillar davomida to‘planib qolgan edi. Bir xonadonda bir necha kelin qaynonasi bilan yashayotgan oilalar ko‘p. Shuning uchun uzoqni o‘ylab, yangi shahar qurishga kirishdik. Bu yerda 130 mingdan ortiq xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etiladi, 450 mingdan ziyod aholi yashaydi.

Aniq esimda, 2021 yilning 17 iyun kuni aytgan edi Prezidentimiz bu so‘zlarni. “Yangi Andijon” deb ataladigan bo‘lajak shahar poydevoriga birinchi g‘isht ham o‘sha kuni qo‘yilgan edi.
Bu xushxabar, Andijonni bulutlardek qalqitgani, ummon kabi to‘lqinlantirgani haligacha ko‘z oldimda turibdi. Prezidentning orzu – armonlari, da’vatlari, toshda gul undiruvchi, cho‘lda bog‘ yaratuvchi, zaranglarni bug‘doyzorlarga aylantirishga qodir, toshloqqa qadagan cho‘pi ham shig‘il-shig‘il meva tuguvchi andijonliklar qattiq qalqingan edilar o‘shanda. To‘lg‘anishlar shiddati lahza sayin kuchaysa kuchaydiki, ammo susaymadi.
Ana-mana deguncha Andijon tumanining pastu baland adirlari bag‘rida 5, 7 va 9 qavatli 82 ta uy, 1 ming 680 o‘rinli umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi qurildi. 3 ming xonadonli 92 ta ko‘p qavatli uyning kaliti baxtli oila egalariga topshirildi.

Uy-joylar, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun umumiy qiymati 33 milliard so‘mga teng loyiha doirasida sig‘imi 4 ming metr-kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi. Yangi uy-joylarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortildi, yo‘llar chiqarildi.

Hududda 15 gektarli “Ziyolilar bog‘i”, 6 gektar maydonda “Vatanparvar bog‘i” barpo etilib, ularga 25 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, gullar ekildi.
2025 yilning 15 aprelida esa Prezident Shavkat Mirziyoyev yana Andijonga keldi va “Yangi Andijon”ga Mirzo Bobur nomini berish taklifini bildirdi.
-O‘zining betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan buyuk ajdodimiz -- Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga — Bobur shahri deb nom bersak, nima deysizlar?
Taklif boburshunos olimlar, ziyolilar, umuman, barcha andijonliklar qalbidagi orzularning ro‘yobi bo‘ldi go‘yo. O‘zini Bobur avlodiman, deb yurganlarni cheksiz quvontirdi, vujudini faxru iftixor tuyg‘ulari bilan limmo-lim to‘ldirdi.
Internet, ijtimoiy tarmoqlar hayratdan “portladi” o‘sha kunlari.
Hali eslaganimdek, “Yangi Andijon”ni qurishga bag‘ishlangan tantananing guvohi bo‘lganim uchun ikki barobobar hayajonli edi Bobur shahrining bugungi chiroyini ko‘rish men uchun.
Uch-to‘rt yil davomida bu yerda sodir bo‘layotgan ishlarni radiodan eshitib, gazetda o‘qib, televizorda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib-kuzatib kelayotganim rost. Ammo, chin dildan tan olib aytaman, azizlar, bunchalar bo‘lishi na tasavvur, na xayolimda yo‘q edi! Afsona desam afsonada, ertak desam ertaklarda topilmaydigan shohona manzaralar... Shu ekan-da yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal, deganlari. Yaqinda yantoqlar sarg‘ayib, jizillovuqlar “jizillab” yotgan adirlar o‘rnida qaldirg‘ochday tizilib turgan imoratlar, ravon ko‘chalar, maktablar, bog‘chalar, restoranlar, kafelar, magazinlar...
Mehri quyosh kabi mo‘l, qahri qilichdan keskir andijonliklarning arzimagan vaqtda asrlar bo‘yi changib yotgan qirlarda bunday shaharni bunyod etganlari qaysi mo‘’jizadan kam?
Eslang, Andijon shahrining o‘zi necha yilda qurilgan? Qo‘qon yoxud Marg‘ilon-chi? Qancha vaqt ketgan ekan boburiylarning Toj mahalni bunyod etishlariga?
Shunday farahbaxsh damlarda falak bir aylanib, bedov otini yeldirib Bobur Mirzo kirib kelsa yangi kentga, nima bo‘lardi? Qanday holga tushib, qanday xayollarni boshidan kechirardi uyg‘onish davrining buyuk hukmdori?
Ehtimol, kindik qoni tomgan, jonidan ortiq suygan aziz tuprog‘iga sig‘may Hind sori yuzlangan chorasiz kunlarida:
Davron meni o‘tkardi saru somondin,
Ayirdi bir yo‘li meni xonumondin.
Goh boshima toj, goh baloyi ta’na,
Nelarki boshimga kelmadi davrondin, -
deya alam, umidsizlik va pushaymonlik bilan bor dardu alamini qalamdan olgan paytlari yodiga tushib:
Murod vasling erur, ayla yod Boburni,
Unutmag‘il yana bu nomurod Boburni... – degan armonlari mana endi, oradan besh asr o‘tgach ro‘yobga chiqqaniga shukronalar qilib, o‘zini unutmagan, hech qachon unutmaydigan, hamisha yurak qo‘rida asraydigan xalqiga, xalqining xalqparvar yetakchisiga qarab:
Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiliq... –
deb beadoq minnatdorlik hislarini o‘sha mashhur g‘azali orqali ifoda etgan bo‘larmidi? Andijonning dashtu dalalari pahlavon shoirning alpona ovoziga ko‘milib ketgan bo‘larmidi?
...Kunlar keladi, ko‘rasiz, shahri Bobur Tojmahal misoli odamlarni mahliyo qiladigan dilbar maskanga aylanadi. Balandligi 35 metrli Bobur shohning muhtasham haykali qad rostlaydi shaharning qoq o‘rtasida. “Vatanparvar bog‘i”dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, muzey, konsert va tomoshalar maydonlari, Vatan ozodligi, tinchligi va himoyasi yo‘lida jon fido qilgan marhumlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorliklar xalqimizning, Andijonga keladigan mehmonlarning aziz maskaniga aylanib ketadi hali.
Bobur shahrining umumiy maydoni kichkina emas -- 4 ming gektar. Uning 1 ming 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar-joylar, savdo maskanlari qad rostlaydi. 223 gektarida xizmat ko‘rsatish, 1 ming 820 gektarida yashil hududlar tashkil etiladi. 499 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi.
Prezidentimiz zo‘r iftixor bilan ta’kidlaganidek: “...milliy madaniyat va san’atimiz, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiradigan” Bobur shahri yurtimizning eng obod go‘shalaridan biriga aylanadi.
2
Aylanadi!
Zero, andijonliklar, ikkita davangiday odamni qo‘ltiqlab olib, Agra qal’asi devorlari ustida mashq qilgan, sharafli adibimiz Pirimqul Qodirov adolatli ta’riflaganidek “Dunyoning eng baland tog‘lari bo‘lgan Pomir, Oloy, Himolay va Hindikushlardan necha bor otlig‘u piyoda oshib o‘tgan; Markaziy Osiyoda, Afg‘oniston va Hindistonda qanday ulkan daryolar uchragan bo‘lsa, ularning hammasidan quloch otgan; Parvardigor pahlavonlarcha bir jismoniy qudrat va bahodirlarga xos buyuk jasoratni daho darajasidagi iste’dod bilan birga ato etgan” Mirzo Boburning avlodlaridir.
Andijonliklar uyg‘onish davrining dilbar siymosi bo‘lgan Bobur Mirzo jasoratini yuragiga singdirgan, hazrati Bobur kabi tinmay oldinga intilgan kishilardir. Dunyo esa intilganniki. Intilgan -- murodga yetadi. Intilgan -- mayda-chuyda to‘siqlarni pisand qilmaydi. Intilganning qalbi daryo, ko‘ngli osmon qadar keng bo‘ladi -- hovlisining torligi ham bilinmaydi. Vaholanki, Andijon viloyati aholi zichligi bo‘yicha mamlakatimizda birinchi o‘rinda turadi. Viloyat respublika hududining 1 foizini, aholisi esa O‘zbekiston aholisining qariyb 10 foizini tashkil etadi. Har bir kvadratkilometrda 798 kishi to‘g‘ri keladi. 798 odam yashaydi bir kvadrat kilomertda! Jami maydoni 4,3 ming km², jami aholisi 3,5 millionga yaqin.
3,5 million fidoyi jon! Yana minglab mehmon kelib-ketadi kunda-kunora. “Andijoncha palov”dan, anjiru uzumdan bir marta totib ko‘rganlar umrbod esdan chiqarmaydi ularning maza-ta’mini. Kelsam, yana va yana mehmon bo‘lsam, deydi Andijonga. Andijonga boringlar, odamgarchilikni, mehr-oqibatni ko‘rayin desanglar Andijonga boringlar, deya da’vat qiladi eldosh-elatdoshlariga.
O‘zbeklar, qirg‘izlar, tojiklar, uyg‘urlar, ruslar, tatarlar, armanlar, koreyslar, yana necha-necha millat vakillari bir dasturxon atrofida davra qurib o‘tiradi, choy ichadi, ota-bola, aka-uka, opa-singil bo‘lib yashaydi, bir-birini boshiga ko‘taradi, birovining yuzga chang qo‘nsa, kiprigi bilan terib oladi, deb ta’rflaydi, tasvirlaydi, alqaydi, maqtaydi.
—Andijonda Xonabod degan shaharcha bor ekan, - deydi fransiyalik sayyoh Renal xonim, - biz bu yurtga kelganimizda, dastlab Xonobodga boringlar, keyingi 7-8 yilda bunyod etilgan bunday chiroyli shahar yaqin atrofda topilmaydi, deyishdi. Rosti, bu gapga uncha ishonmagan edik. Shaharni ko‘rganimizdan keyin esa zamonaviy uylar, ko‘chalar, bog‘laru xiyobonlarni qo‘yavering, birgina havosining o‘zi!... Shunchalar musaffo, buloq suvidek tozaki, simirib to‘ymaysiz. Yigirmadan ziyod millat vakillari bir tup daraxtdek ahil. Ularning o‘zaro mehrini bir ko‘rsangiz! Qani endi bir-birining go‘shtini xomlay tala-tala qilishga tayyor turgan ba’zi mamlakatlarning zo‘ravon noshukurlari kelsa, ko‘rsa, ibrat olsa shu qora ko‘zlardan. Aytishlariga qaraganda, shaharcha haddan ziyod xarob bo‘lib ketgan ekan. Bu o‘zgarishlarning hammasi keyingi sakkiz yilda ro‘y beribdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xonabodni qaytadan quribdi, obod qilibdi. Faqat Xonobod emas, Andijonning hamma joyi obod bo‘pti. Xalq shuning uchun ham Prezidentini ardoqlar ekan, hurmat qilar ekan, ishonar ekan u kishiga.
Sayyoh xonimning iqrori izohga muhtoj emas, albatta. Lekin uning “...ishonmagan edik” degani boshqa bir voqeani yodga tushirdi.
O‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalari edi. “O‘zbekistonda — Andijonning Asakasida zamonaviy avtomobil korxonasi ishga tushdi, degan axborotni eshitgan bir guruh rus olim va mutaxassislari Maskovdan Toshkentga uchib keladi va to‘g‘ri Andijonga yo‘l olishadi. Borib zavodni ko‘rgach, hayratlarini yashira olmaydilar. “Biz Asakada zamonaviy mashinalar ishlab chiqadigan zavod qurilishi haqidagi xabarga ishonmagan edik, bu g‘irt yolg‘on, o‘zbeklar qisqa muddatda bunday zavodni qurishi g‘ayri imkon, nari borsa ehtiyot qismlaridan u-bu narsa yig‘ilayotgan bo‘lishi mumkin, deb kelgan edik. Yo‘q, chindan ham cho‘l bag‘rida yirik zavodni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Bu chindan ham mo‘’jiza” deya tan berishadi.
Mamlakatimiz avtosanoatining bosh korxonasi – “JM-O‘zbekiston” allaqachon Andijonning vizit kartasiga aylanib ketdi.
Sho‘rolar zamonida uzoq vaqt qarovsiz qolgan Xonaboddagi evrilishlar ham hech qaysi mo‘’jizadan kam emas. Xaroba qo‘rg‘on olti yilda maftunkor qasrga aylandi.
Esdan chiqarmang – Xonabod evrilishlari 2019 yilning 16 may kunidan boshlandi. Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga kelib, 2018 yilning 19-20 may kunlaridagi tashrifi chog‘ida bergan vazifalar va ularning natijalarini batafsil tahlil qildi.
Shunda 2018 yilgi investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1,8 trillion so‘mga teng 411 ta loyiha bajarilgani, 12 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga 20,7 million AQSH dollari miqdorida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqilgani, Oltinko‘l tumanida yiliga 33 million juft tibbiy qo‘lqop ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik korxonalar foydalanishga topshirilgani tilga olindi.
Bundan tashqari, 211,2 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, AQSH, Hindiston, Isroil singari dunyoning 15 dan ortiq davlatiga eksport qilingani; suv, elektr ta’minoti va yo‘l qurilish sohasida amalga oshirilgan ishlar salmoqli bo‘lgani, jumladan, bir yilda umumiy qiymati 305,6 milliard so‘m bo‘lgan 305 dona suv qudug‘i, 1 ming 228 kilometr suv va 608,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i qurilib, 670 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar ta’mirlangani; 294 ta transformator o‘rnatilib, “Obod qishloq” dasturi doirasida viloyatdagi 50 ta mahallada keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani va shuning natijasi o‘laroq qator mahallalar namunali mahallaga aylantirilib, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratilgani ham so‘zsiz sevinsa, sevingulik yutuqlar edi.
Ammo, Prezidentning ko‘ngli to‘lmadi. Xususan, Xonobod shahridagi o‘zgarishlarning talab darajasida emasligi, shaharni obod qilishga oid topshiriqlarning ayrimlari to‘liq bajarilmagani qoniqtirmadi talabchan Yurtboshimizni.
Prezidentning oldingi safar kelishida ahvol batafsil o‘rganilib, 2017-2019 yillarda Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan va 3 ming 200 dan ziyod loyihalarni o‘z ichiga olgan mazkur dastur ijrosi uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan edi.
To‘g‘ri, o‘shandan keyin bir dunyo ishlar bajarildi. Shaharning Anhor mahallasi hududidagi uzoq yillar bo‘sh turgan sobiq 4-avtokorxona binolari va yer maydoni tadbirkorlarga "nol" qiymatda bo‘lib berilib, tashkiliy, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi va bu yerda katta-kichik 13 ta korxona o‘z faoliyatini boshlab yubordi, 685 kishi ishli bo‘ldi.
Yana bir nechta yangi korxonalar tashkil etilib, odamlar ish bilan ta’minlandi. Ammo, baribir, taskin topmadi har qanday ishni tez va sifatli ado etishga odatlangan Prezidentning ko‘ngli.
Shu kuni barcha vazifalar ijrosiga doir muhim ko‘rsatmalar berildi, “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Topshiriqdan so‘ng ushbu tog‘li hududda yengil konstruksiyalardan mehmon uylari tashkil etishga kirishildi. Sihatgoh hududidagi bo‘sh yotgan yer maydonlarini tadbirkorlarga berish orqali 3 ming kishi dam oladigan maskanlar tashkil etildi.
Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan, o‘zining kislorod bilan to‘yingan, ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak qon-tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan Xonobod sihatgohi ana shu tariqa zamonaviy kurort zonasiga aylandi.
Bugun esa...
3
Bugun nafaqat Xonabod, balki Andijonning istagan shahriga kelgan kishining ketgisi kelmaydi.
Qiqirlagan irmoqlarida, shildirab kuylovchi buloqlarida, ikki sohilida pidana-yalpizlar bo‘y taratib turgan ariq va soylarida, qishloq va ovullari, shahar va shaharchalari — hamma-hammasida bo‘layotgan yangilanishlar, o‘zgarishlar ham Xonaboddagidan aslo kam emas. Davlat rahbarining Andijonga qilgan tashriflari, tashriflar davomidagi tashabbuslari, tashabbuslarning hayotiyligi va yurtiga, yurtdoshlariga mehri, muhabbati yotibdi ularning zamirida.
Tashriflarning azamat daryolaridan suv ichib gullagan, shirin-shakar mevalar tukkan Andijon bog‘larining har biri to‘g‘risida esa hassos shoirlarimiz shohona dostonlar yozsa arziydi. Muxtasar bir maqolada, albatta, bunday orzuga erishishning sira imkoni yo‘q. Shu bois, ularning ayrimlarini tilga olish bilan kifoyalanamiz.
E’tibor bering, 2016 yilga qadar bir necha yil davomida viloyat hududida birorta ham ko‘p qavatli uy qurilmagan edi. 2016-2024 yillar ichida 33 ming xonadonli 875 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Joriy 2025 yilda esa 12 ming xonadonli 300 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shulardan 160 tasining kaliti allaqachon o‘z egalariga berilgan.
Yaqin o‘tgan zamonlarda kir yuvishga sovuni, yig‘lab turgan bolasini ovutishga so‘rg‘ichi, yer haydashga omochi, chopon yamashga ignasi, tom yopishga vassasi bo‘lmagan odamlar bugun 9, 14 qavatli imoratlarda rohatbaxsh hayot kechirmoqdalar. Ishi yo‘q chivin tutib, ko‘prik ostida eshak hurkitadi; ishlagan -- yerni yashnatadi, xirmon-xirmon hosil oladi, xor bo‘lmaydi, zero, ish -- insonning gavhari, ko‘pning kuchi esa karomat.
Shu yillar ichida yana 249 maktab, 126 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 128 ta tibbiyot muassasasi, 8 ta musiqa va madaniyat ob’ekti, 350 ta boshqa ob’ektlar barpo etilgani va ta’mirlangani ham xalqning bir jon, bir tan bo‘lib qilgan mehnatining natijasi, ko‘pda karam borligining isboti.

Andijon aeroportini modernizasiya qilish sohasida keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlarining amalga oshirilgani ham viloyat tarixidagi unitilmas voqealarning biridir.
Aeroport hududida uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4 Ye toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va 3 ta samalyotlar to‘xtash joyi -- angar qurildi. Aeroport infratuzilmasining asosiy qismi yangilandi va shu tariqa Andijon xalqaro aeroportida Boing, Aerobus, Aybas singari zamonaviy, yirik havo kemalarini kabul qilish imkoni yaratildi.
Hozir aeroportda “Andijon – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviaparvozlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida 3 ta xalqaro “Andijon – Jidda”, “Andijon – Madina”, “Andijon – Istambul”, shuningdek, “Andijon – Moskva”, “Andijon – Sankt-Peterburg”, “Andijon – Novosibirsk”, “Andijon – Irkutsk yo‘nalishlari bo‘yicha aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
4
Mutafakkir bobolarimiz: “Yer boyliklarning onasi bo‘lsa, mehnat uning otasi” deydilar. Darhaqiqat, yer o‘z egasining qo‘liga tegmaguncha, dehqonning kosasi oqarmaydi. Andijonda xuddi shunday yo‘ldan borildi. So‘nggi ikki yilda aholi bandligini ta’minlash, oilalar doromadini ko‘paytirish maqsadida dehqonchilik qilish uchun 150 ming nafar fuqaroga 17 ming gektar yer maydoni ijaraga berildi. Ushbu yer maydonlarining asosiy qismidan yiliga kamida ikki marta hosil olinmoqda va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish hajmi ortmoqda.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan g‘o‘za qator oralariga soya ekish bo‘yicha Andijon tajribasi yaratildi.
Asaka tumanida ijaraga berilgan va tomorqa yer maydonlarida “Kompaniya – kooperativ - dehqon xo‘jaligi”, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyillari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ilg‘or ish uslublarini joriy etish, xususan, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Tumandagi 13 mahallaning drayveri issiqxonachilikka ixtisoslashgani nafaqat mahsulot yetishtirish xajmi, balki aholining daromadlari ko‘payishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mahallalardagi 85-90 foiz aholining tomorqasida issiqxonalar barpo etilgan. Ularning tomorqadan unumli foydalanib, xalqimiz dasturxonini issiqxonada pishib yetiladigan turli noz-ne’matlar bilan to‘ldirayotgani, urug‘ va ko‘chat yetishtirish orqali katta daromad olayotgani; bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri, karam, achchiq qalampir, baqlajon ko‘chatlarini respublikamiz viloyatlariga yetkazib berilayotgani, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonga eksport qilinayotgani ham bor gap.


Ta’kidlash joizki, mahalla issiqxonalarining barchasida yiliga ikki, uch martadan hosil olish tajribasi shakllangan.
Buloqboshida esa uzum yetishtirishga e’tibor kuchaytirilgan. Tumanning Uchko‘cha, Buyuk Turon, Qumguzar, Mirzakalon Ismoiliy, Farovon, Xontepa, Guliston, Boymahalla, Yuksalish, Shohguzar va Do‘lana mahallalari aynan uzumchilikka ixtisoslashtirilgan. Ana shu mahallalardagi 323 gektar aholi tomorqasida 4 ming tonnadan ortiq uzum yetishtirilmoqda.
Mahsulotlarning respublikamizdan tashqari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa qator davlatlarga eksport qilinayotgani, uzumchilikka ixtisoslashgan mahallalarning ko‘chalariga so‘rtoklar qilish tajribasi keng joriy etilgani va “Andijon tajribasi” sifatida boshlangan ushbu jarayon samarali natijalar berayotgani esa alohida mavzu.
Shunday bo‘lsa-da, bitta misol keltiray. 2021-2022 yillarda tumandagi 21 ta mahallaning 40 ta ko‘chasidagi 982 ta xonadonga berilgan 6,8 milliard so‘m kredit evaziga 26 kilometr uzunlikdagi uzum ishkomlari barpo etildi. Yangi tajriba 2023-2024 yillarda ham davom ettirilib, tumandagi 18 ta mahallaning 50 dan ortiq ko‘chasiga 40 kilometr uzunlikda so‘rtoklar qilindi. Buning uchun 2 mingta xonadonga 18 milliard so‘m kredit berildi.
Tumanda uzum ko‘chati yetishtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Fermer xo‘jaliklari hamda xonadonlarda 200 ming tupdan ortiq uzumning «Andijon qora», «Rizamat ota», «Husayni», «Kelin barmoq», “Ketmonsopi”, “Toyfi” singari serhosil navlari yetishtirilmoqda.

Uyog‘ini so‘rasangiz, uzumchilikka ixtisoslashgan mahallalardagi xonadonlarning har biri uzumdan yiliga 500 kilogrammdan 10 tonnagacha hosil yetishtirib, o‘rtacha 15-20 million so‘mdan daromad olayotir.
-Yer o‘zingniki, suv o‘zingniki, havo o‘zingniki bo‘lganidan keyin, o‘zimni yerim, o‘zimni bog‘im, o‘zimni uyim deb ishlashdan ulug‘ lazzat qayda bor, azizlarim? – deydi Andijon tumanidagi “Omad – 97” fermer xo‘jaligi rahbari Omadxon Hamidova. – Hokimiyat qo‘llab-quvvatlasa, davlat aytganingni bersa, suyasa, darqolganingda qo‘llab tursa, baland xirmonlar paydo qilasan-da! Yerning qalbiga quloq solsang, yerga bir bersang, o‘n qilib qaytaradi saxovatpesha zamin.
Sho‘rolar zamonida kimniki oyog‘ida kalishi, egnida bo‘z kamzuli bo‘lsa eng boy odam hisoblangan. Bugun yengil mashinasi bo‘lmagan xonadonning o‘zi yo‘q.
— Millatimizni mavh qilgan, boshiga ming turli azob-uqubatlar solgan narsa paxta emas, balki paxtani vosita qilgan uying kuygur sho‘rocha siyosat emasmidi? - deya Omadxon opaning fikrini davom ettiradi keksa paxtakor, O‘zbekiston Qahramoni Otaxon Alamatov. – Yaramas siyosat tufayli xalq yig‘ladi, yer yig‘ladi, osmon yig‘ladi, zamon yig‘ladi. Alamiga chidolmay “O‘t tushsin paxtasigayam!”, deya begunoh o‘simlikni qarg‘agan onalarimizning faryodini eshitaverib, qo‘llari g‘o‘zapoyaday ingichka, qop- qora qizlarimizning mahzun qiyofalarini ko‘raverib ichlarimiz ezilib ketdiku, axir.
Jasoratli yozuvchi Odil Yoqubov bekorga bong urmadi SSSR deputatlarining majlisida. Yozuvchining nutqi sho‘ro saltanatini titratdi, qaltiratdi.
Afsuski, bu illat mustaqillikka yetganimizdan keyin ham davom etdi.
Esga tushsa...
Esga tushsa, paxtakorlar-ku paxtakor, hatto, paxta ekilmaydigan bizning Urgutga o‘xshagan joylardagilarning ham eti uvishib, sochlari orasida allanimalar o‘rmalab yurgandek bo‘laveradi. Biz -- Urgutdagi 37-maktab o‘quvchilari ikki-uch oylab qo‘shni Ishtixon tumani dalalarida paxta terardik. Qo‘pol bo‘lsa ham aytaman, bitlab ketardi bolalarning hammasi, tun bo‘yi uxlatmasdi ochofat bitlar, tun bo‘yi bit terardik yuvilmay charmga aylanib ketgan kiyib-boshlarimizdan. Uyga qaytganimizdan so‘ng, onamiz kiyimlarni katta kir qozonga solib, o‘choqda olovni lang‘illatib bir necha kun tinmay qaynatar edi... Unitib bo‘lar ekanmi ming-minglab onalarning fig‘onlarini?
Prezidentimiz achchiq armon bilan boshqa mamlakatlarda o‘quvchilar 9 -10 oy o‘qisa, biz 5- 6 oy o‘qir edik, deganlari naqadar chin, naqadar haqiqat.
Bugun Andijonda 760 ta umumta’lim, 14 ta ixtisoslashtirilgan, bitta Prezident va bitta ijod maktabi mavjudligi, ularda ta’lim olayotgan 610 mingga yaqin o‘quvchining birontasi, bir daqiqa ham o‘qishdan boshqa yumushlarga jalb qilinmayotgani ham ayon haqiqatdir.
Bundan tashqari, 56 ta texnikum va 11 ta oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan 100 mingdan ziyod talaba ham shu qadar baxtliki, ular majburiy mehnat degan so‘zni esdan chiqarib yuborganlar.
5
Bobur hazratlari o‘zining mashhur “Boburnoma” asarida Andijonni ta’riflar ekan: “Oshlig‘i vofir, mevasi farovon. Qavun va uzumi yaxshi bo‘lur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas... Andijon noshpotisidan yaxshiroq noshpoti bo‘lmas. Movarounnahrda Samarqand va Kesh(Shahrisabz) qo‘rg‘onidin so‘ngra mundin ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qtur. Uch darvozasi bor... To‘qqiz tarnov suv kirar. Bu ajabdurkim bir yerdan ham chiqmas... Eli turkdur”, deydilar.
Darhaqiqat, Andijon tuprog‘ida unib, suv ichgan mevalarning dovrug‘i yetti iqlimda mashhur.
Shundan bo‘lsa kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga qilgan safarlari chog‘ida hamisha meva va sabzavot mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratdi. Yuqoridagi ibratli ishlar, yangidan barpo qilingan bog‘lar, uzumzoru olmazorlar ana shu e’tiborning totli mevalaridir. Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalari salohiyatining kengayishi ham shaxsan Prezident tashabbuslarining hosilasi hisoblanadi. Shu o‘rinda Marhamat tumanidagi “Vodiy hamkor agrofirmasi” tomonidan tashkil etilgan quyonchilik klasteri faoliyati haqida ikki og‘iz so‘z.

1 gektardan ziyod maydonda tashkil qilingan mazkur klaster kooperatsiya usulida 50 ta xonadonga quyon tarqatdi, 50 odam ishli, 50 xonadon xotirjam bo‘ldi. Quyon terisini oshlash va teridan telpak tikish sexida ham bir nechta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Oltinko‘l tumanida 16 gektar yer maydonida xom ashyoni saqlash, qayta ishlash, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Mebelsozlik kompleksi” kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Sanoat zonasida ishlab chiqarish va savdo ob’ektlari qurilib, tayyor holda hunarmand va tadbirkorlarga sotilmoqda.

Kompleks sexlarida yiliga 160 ming dona mebel mahsulotlari tayyorlash, mingta yangi ish o‘rni yaratish, shuningdek, yiliga 10 million dollarlik mahsulotni eksport qilish imkoni mavjud.
Boshqa turar joylarga nisbatan arzon bo‘lgan «Zamonaviy qishloq» loyihasi ham Andijonda dunyoga keldi.

Ibratomuz yumushlarning yana biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 fevraldagi “Andijon viloyatida “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroridan keyin boshlandi. 3 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish orqali 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratib, yiliga 20,1 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Ipak yo‘li” hademay yiliga 580,7 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha eksportni amalga oshiradi. Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami arafasida umumiy qiymati 56 million dollarga teng yirik loyihalar ishga tushirildi.
Bunday quvonchli ishlarni sanayverish mumkin.
Ko‘zlanayotgan manzil -- rejalar yanada ulkan.
Yuqorida Xonabodda amalga oshirilgan ishlarning ayrimlarini qalamga olgan edik. Ha, ayrimlarini. Shaharda yuksalish jarayonlari shiddat bilan davom etmoqda.
Xonobodning Andijon suv omboriga tutash Kampirobod mahallasida barpo etilayotgan “Sun’iy ko‘l ekoturistik majmuasi” shularning biridir. Majmuada umumiy qiymati 98 milliard so‘m bo‘lgan «Sun’iy ko‘l», dam olish va ko‘ngilochar, ekoturistik ko‘cha va maskanlar, shuningdek, oilaviy mehmon uylar barpo etilmoqda.
Loyihani amalga oshirish davomida 960 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Xo‘jaobod tumanidagi “Andijon texnoparki” ham kichkina ob’ekt emas. 100 gektar adirlikda xitoylik investorlar tomonidan 300 million dollarlik loyiha doirasida barpo etilayotgan mazkur texnoparkda eng zamonaviy texnologiyalar asosida 51 ta zavod va korxona faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu korxonalarda 82 turdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqariladi. Dastlabki bosqichida hududdagi korxonalar tomonidan yiliga qariyb 60 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Xududdagi loyihalar ishga tushishi bilan 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Alqissa, endilikda Andijonda shu qadar ko‘p va xilma-xil mahsulotlar ishlab chiqarilyaptiki, ularning sonini sanab adog‘iga yetish qiyin.
Bugun andijonliklarga, nimalar ishlab chiqaryapsiz, degan savolni bersangiz, ulardan, nimani ishlab chiqarmaysiz, deb so‘rasangiz javob berishimiz oson bo‘lardi, degan javobni eshitasiz. Katta haqiqat bor ularning bu hazilnamo javoblarida. Iftixor qilsa arziydiki, bugun Andijon viloyati sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha saflarning eng oldingi qatorida bormoqda.
Ha, sanab - sanog‘iga, aytib - adog‘iga yetish mahol bo‘lgan o‘zgarishlar makonaga aylanib bormoqda qadim Andijon.
Shularni o‘ylaganda, ne-ne to‘fonu taloto‘plarni boshdan kechirgan, ilk bora yozma manbalarda arab sayyohlari Ibn Hovqal va Muqaddasiy asarlarida Andukon shaklida qayt etilgan, bugun esa Sharqning azamat kentlari qatorida turgan va kun sayin yosharib, to‘lishib, ochilib borayotgan makonga havasing keladi. Tunlarni tonglarga, tonglarni shomlarga ulab mehnat qilayotgan andijonliklarni ko‘rganda esa ichingga daryodek oqib kirayotgan faxru iftixor tuyg‘ulari vujudingni qamraydi. To‘lishib, hapriqiblar ketadi jonu jahoning.
6
Lekin... Ne kuybatki, bugungi dorilamon kunlarni mensimaydiganlar, nafs qarmog‘iga ilinib, tekintomoqlik girdobiga tushganganlar yo‘q emas. Bunday kimsalarning davlat xizmatchilari, qonun himoyachilari, hokimiyat vakillari orasida uchrayotgani yanayam ayanchli.
Qarang, birgina Andijon viloyatining o‘zida keyingi ikki yil davomida tuman, shahar va hatto viloyat hokimining o‘rinbosarlari, boshqarmalarning rahbarlari darajasidagi yigirmadan ziyod rahbar aynan poraxo‘rlik, korrupsion holatlar bilan qo‘lga olindi. Andijon tumanining sobiq o‘rinbosari, Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, tadbirkorga “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yerni auksion savdo orqali olib berish evaziga 600 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 150 ming dollar olgan vaqtda qo‘lga tushdi. Kadastr agentligi Andijon filiali rahbari fuqaroga yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSH dollari olayotganda tumshug‘idan ilindi. Viloyat hokimining o‘rinbosari va viloyat ekologiya boshqarmasi rahbarlaridan biri 4,1 milliard so‘mlik ish yuzasidan sud jarayonini manfaatdor tomon foydasiga hal qilish evaziga mulk talab qilganda; Bo‘ston tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘zining nomida bo‘lgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga o‘zgartirib, shuningdek, bu haqda tuman hokimining qarorini chiqartirib, uni kavrak o‘simligi yetishtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorga uch yilga foylanishga berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan va 10 ming dollarini olayotganda; Izbosgan tumani hokimining o‘rinbosari esa 500 dollar pora olayotganda qo‘lga tushdi...
Andijonda ommaviy tus olgan kasallikning yana biri ko‘plab xususiy korxonalarda, ayniqsa, tikuvchilik, to‘qimachilik, umumiy ovqatlanish, konditer mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish tashkilotlarida ishlayotgan ishchilar nomining rasman ro‘yxatlarda qayd etilmay, ularga konvert usulida haq to‘lanishidir. Ya’ni, hisobotlarda 3-4 kishining nomi qayd etiladi. Korxonaning ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish hajmi bo‘lsa milliardlab so‘mni tashkil etadi. Mantiqan qaralsa, 3-4 emas, 20-30 kishi ham hisobotlarda ko‘rsatilgan hajmdagi ishni bajarishga jismonan qodir emas. Odamlarning haq-huquqlari paymol bo‘lishiga, daromad topishiga to‘sqinlik qilayotgan bu kabi illatlarga allaqachon chek qo‘yish shart edi...
“Beayb - parvardigor” deymiz-u, lekin, yana boshqa bir qavm ham bor. Ular dorilamon kunlarning qadriga yetmaydi, pana-pastqamlarda pusib o‘tgan-ketganga tosh otishdan bahra oladi.
Yurti obod, ovuldoshi shod bo‘lib turganida, suyunish, g‘ururlanish o‘rniga, pashshadan fil yasamoqchi, mayda-chuydalar bilan ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarmoqchi, kimlarningdir ko‘nglida g‘ulg‘ula-noroziliklar paydo qilmoqchi bo‘ladi. Bunday toifaga duch kelganda, mukammallik har kimga ham nasib etavermaydigan noyob ne’mat ekaniga yana bir marta imon keltirasan...
To‘g‘ri, kamchiliklar bor, oz emas. Buni hech kim yashirayotgani yo‘q. Davlat rahbari har muloqotida tilga olyapti, kamchiliklarni butlash choralarini izlayapti. Xorijiy davlatlarning rahbarlari bilan, dunyodagi yirik kompaniya va tashkilotlar bilan, investorlar bilan uchrashyapti, ular bilan hamkorlik qilish yo‘llarini topyapti. Ammo, yuz yillar mobaynida to‘planaverib, tepaday uyulib ketgan muammolarni hal qilish naqadar og‘ir mashaqat ekani ham ayon haqiqat
Xullas, azim daryolarning suvi ham gohi-gohida loyqalanib turadi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Cho‘llarni bo‘stonlarga aylantirayotgan, adirlarda yangi shaharlar qurayotgan, har yili trillion-trillionlab daromad topayotgan, o‘tgan bir yilning o‘zida 442 ming 384 ta yangi ish o‘rni yaratib, bu yil ishsizlik darajasini 7 foizdan 5,3 foizga tushirishni ko‘zlayotgan andijonliklar katta yo‘lga to‘siq bo‘ladigan illat-g‘ovlarning hammasini tag-tubi bilan quritishga qodir.
Bugun ulug‘vor karvonimiz ulkan kechuvdan o‘tib bormoqda. Uchinchi Renessans - Uchinchi uyg‘onish qasrining muborak poydevorlariga g‘isht qo‘yishdek muqaddas yumushlarning baxtiyor ishtirokchilari bo‘lib turibmiz. Ayni voqealar odamlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratayotgani ham bor gap - haqiqat. Bunday damlarda haybarakallachilik, tomoshabinlik, Yurtboshimiz ko‘p marta ta’kidlaganidek, xiyonatga barobardir.
Musaffo havoni bulg‘ashu zilol suvni loyqalatishdek nojo‘ya qiliqlarni yig‘ishtirib qo‘ygan ma’qul endi.
Andijon -- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev faxr bilan “butun mamlakatimiz, Markaziy Osiyo mintaqasining zamonaviy, yirik shaharlaridan biri, vodiy gavhari” deb ulug‘lagan Andijon, albatta, ko‘zlagan yorug‘ manziliga yetadi. Saxovatli quyosh nurlariga ko‘milgan munir , mahtob tonglar otmoqda O‘zbekistonning Andijon zaminida ham...
Eramizdan necha-necha asrlar nariga borib taqaluvchi o‘tmishi bilan soch-soqoli oppoq nuroniyga, tomirida qaynoq qoni gupirib turgan buguni bilan esa tog‘ni talqon qiluvchi pahlavonga mengzalguvchi Andijon alpona qadamlari-yu yuksalishlari bilan tobora yaqinlashib borayotir yarqiroq yulduzlarga limmo-lim osmonlar tomon.
Ha:
G‘alabalar so‘ylar roz,
Yulduzli osmonlarga.
Somon yo‘li poyondoz,
Muhtasham karvonlarga.
Bo‘lay desangiz qurdosh,
Sohibi zamonlarga.
Hamrohdir sizga quyosh,
Andijon tomonlarda,
Anjdijon tomonlarda...
Abdusaid Ko‘chimov,
Oliy Majlis Senati a’zosi