Virtual xatar va “ommaviy madaniyat”
Ekspertlar fikriga ko‘ra, yer yuzi aholisining 40 foizga yaqini deyarli har kuni internetdan foydalanadi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, yer yuzi aholisining 40 foizga yaqini deyarli har kuni internetdan foydalanadi. Hozirgi kunda global tarmoqdagi eng ko‘p murojaat qilinadigan veb-sahifalarning 23 tasi ijtimoiy tarmoqlar sirasiga kiradi.
XXI-asrga kelib, insoniyatni tahlikaga solib kelgan yadroviy urush xavfni endilikda axborot xurujlari egalladi. Ular inson ongi va tafakkuriga ta’sir o‘tkazishning eng oson va kam chiqim usuli bo‘lib, yaxlit bir jamiyatni parokandalikka olib keladi.
Xavotirning naqadar asosli ekanini isbotlash uchun mavjud raqamlarga e’tibor qaratish kifoya. Ayni vaqtda global tarmoqda o‘z joniga qasd qilishning oson yo‘llarini targ‘ib qiluvchi 9 ming, shahvoniy mazmundagi 4 mingdan ziyod saytlar mavjud bo‘lsa, ularning 49 foizi kompyuter o‘yinlari orqali zo‘ravonlik va yovuzlikni targ‘ib qilayapti. Dunyodagi 41 foiz bolalar va o‘smirlar onlayn tarzda tarqatilayotgan pornografik mazmundagi manbalar ta’siriga tushib qolmoqda. Xalqaro ekspertlar dunyo miqyosida 40 foizga yaqin bola zo‘ravonlik ruhidagi saytlarga, 25 foizi millatchilik xarakteridagi veb-saytlarga muntazam kirib turishini tasdiqlamoqda.
Bu narsa millionlab insonlar, ayniqsa, yoshlarni o‘z domiga tortayotgani xavotirlidir. Ushbu raqamlar dunyo miqyosida olingan bo‘lib, ular orasida bizning yoshlarimiz ham borligini aslo unutilmaslik lozim.
Bugun dunyo aholisining aksariyati qanday mazmundagi axborot bo‘lishidan qat’iy nazar, uni asosan internetdan olishga harakat qiladi. Bir qarashda bu juda oson usul bo‘lib, endi soatlab kitob varaqlab, zarur ma’lumotni ming mashaqqatlar bilan izlashga hojat yo‘q.
Yurtimizda bugungi kunda yoshlarga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarga dunyoning rivojlangan davlatlari havas bilan qaramoqda. Shunday bo‘lsa-da, biz bir zum bo‘lsin, beparvolikka berilmasligimiz yoshlar orasida internet tarmog‘idan foydalanish madaniyatini muntazam yuksaltirib borishimiz, eng muhimi, undagi har bir jihatga ongli ravishda munosabat bildira olish ko‘nikmasi talab etiladi.
Kuch orqali maqsadga erishish insoniyat tomonidan birdek qoralanadi, chunki bunda insonga jismoniy og‘riq, shikast, moddiy zarar yetkaziladi. Axborot xuruji orqali ta’sir ko‘rsatishga urinayotgan kimsalarni esa biror narsada ayblash qiyin, zero, ular targ‘ib qilayotgan g‘oyalar ortida qanday manfaatlar yashiringanini bilish va anglash oson emas.
Biz yoshlarimizni g‘arbning “ommaviy madaniyat”idan saqlash yo‘lida ularga milliy urf-odatlar va qadriyatlarimizni singdirib borishimiz, zararli axborotlarni foydalisidan ajrata olish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishimiz lozim bo‘ladi.
Yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan, ularning sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida 2017 yil 8 sentabrda 27 modda va IV bobdan iborat bo‘lgan “Bolalarni ularni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi.
Qonunning maqsadi yoshlarni “ommaviy madaniyat” xurujidan saqlash, yoshiga mos axborotni olish, ko‘rish, tomosha qilish, o‘qishda himoya qilish vazifasidan iborat. Masalan, qonunning 17 moddasida axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi quyidagicha: 7 yoshga to‘lmagan 0+, 7 yoshga to‘lga 7+, 12 yoshga to‘lgan 12+, 16 yoshga to‘lgan 16+ ko‘rinishda ifoda etilgan. 18+ belgisi qo‘yilgan filmlar va ko‘rsatuvlarni ko‘rishini ota-onalarimiz e’tibor va nazoratga olishi lozim.
Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini amalga oshirishda:
- Uning mavzusi, janri, mazmuni va badiiy bezagi;
- Muayyan yosh toifasidagi bolalar tomonidan undagi axborotning idrok etilish xususiyatlari;
- Undagi axborotning bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazish ehtimoli baholanadi.
Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu mahsulotlarga axborot mahsuloti yoshga oid tasnifining tegishli belgisini joylashtirish uchun asos bo‘ladi.
Sh.Madrimov,
Yangiyo‘l tuman Xalq ta’lim bo‘limi
aniq fanlar metodisti