Virtual firibgar qo‘lga tushdi
Virtual firibgarlik qilgan shaxs aniqlandi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 19 oktyabr kuni noma’lum shaxs Jondor tumani Romish mahallasida yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro S.N. ning uyali telefonida o‘rnatilgan «Slik» akkaunti orqali plastik kartasidan 23 million 720 ming so‘m pullarini yechib olganligi bayon qilingan.
Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor-texnik hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Jizzax viloyati Paxtakor tumani Bunyodkor ko‘chasida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirda ushbu shaxsning xuddi shu turdagi sodir etilib fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA