VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida kurashchimiz ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi
Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari doirasida kurash bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, unda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
+90 kilogramm vazn toifasida 22 mamlakat sportchilari g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Hal qiluvchi final bellashuvida O‘zbekiston vakili No‘monjon Rajabov tajribali eronlik sportchi, kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining 19 karra g‘olibi Sodiq Azarob ustidan kichik ustunlik bilan g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, No‘monjon Rajabov VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi uchun kurashdagi dastlabki oltin medalni taqdim etdi.
Shuningdek, turkman kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda yana bir sportchimiz Ilyosbek Mirzahmatov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov ishtirok etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA