Vengriya ittifoqchilarini xafa qildi
Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Vengriya Bosh vaziri Ukrainadagi urushni to‘xtatish maqsadida Kiyev, Moskva va Pekinda munozaralar olib borgan edi. Viktor Orban shu hafta NATO sammitidan keyin “Tinchlik missiyasi-5.0” doirasida AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvidan so‘ng Tramp urushni to‘xtatishga va’da berganini ma’lum qilgan.
Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto “Reuters” axborot agentligiga bergan intervyusida Trampning ikkinchi prezidentlik davrida tinchlik o‘rnatilishiga umid bildirgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Orban Rossiya va Ukraina ishtirokidagi tinchlik muzokarasi orqali urushni tugatishga harakat qiladi.
NATO tarkibidagi ittifoqchilari Orbanning harakatidan norozi. Yevropa Ittifoqi davlatlarining ko‘plab yetakchilari ham Ukrainadagi urush bo‘yicha muhokamalarda Orban ittifoq nomidan gapirishga haqi yo‘qligini iddao qilishdi.
– Menimcha, xalqaro huquqni buzayotgan avtoritar rejim bilan suhbatlashishdan ma’no yo‘q, – degan Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb.
– Hamma rahbar ham muzokara olib boravermaydi. Buning uchun odamda qandaydir kuch bo‘lishi kerak, – dedi ayni mavzuga to‘xtalib Zelenskiy NATO sammitidagi matbuot anjumanida.
Orbanning tinchlikka erishish borasidagi sa’y-harakati haqida so‘ralganda, Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Ukraina Kiyev ishtirokisiz tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokara olib borishga urinishdan xavotirda ekanini aytgan:
– Ukrainaning roziligisiz yoki ko‘magisiz amalga oshirilayotgan har qanday avantyurizm bizning siyosatimizga, AQSH tashqi siyosatiga zid.
O‘tgan hafta Pekinda Xitoy Raisi Si Szinpin bilan “Tinchlik missiyasi-3.0” doirasida uchrashgan Orban Xitoy Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik o‘rnatish uchun kalitligini ta’kidlagan.
Vengriya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida mamlakat NATO “Aksil Xitoy” uyushmasiga aylanishini istamasligi va bunday qarashni qo‘llab-quvvatlamasligi ma’lum qilingan.