Venesuelada fojia chuqurlashmoqda: qurbonlar soni 2 295 nafarga yetdi
24-iyun kuni Venesuelada sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2 295 nafarga yetdi, 11 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Minglab odamlar uy-joyidan ayrilgan holda vaqtinchalik boshpanalarda yoki ochiq osmon ostida yashashga majbur bo‘lyapti. Toza ichimlik suvi va sanitariya sharoitining yetishmasligi asosiy muammoga aylangan.
Shifokorlar va gumanitar tashkilotlar endi yangi xavf – ommaviy infeksiya tarqalishidan ogohlantirmoqda. Mutaxassislar fikricha, vayronalar ostida qolgan yoki og‘ir sharoitda kun kechirayotgan jabrlanganlar orasida yuqumli kasallik tez tarqalishi mumkin. Infratuzilmaning izdan chiqishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
BMT va xalqaro yordam tashkilotlari issiq iqlim, chiqindining to‘planib qolishi hamda vayronalarni tozalash ishlarining sekin kechayotgani turli kasallik xavfini kuchaytirayotganini ta’kidlamoqda. Mamlakatning ko‘p yillik iqtisodiy muammolari tufayli shifokorlar tanqisligi ham qutqaruv va tibbiy yordamni qiyinlashtiryapti.

Qutqaruv operatsiyasiga xalqaro hamjamiyatlar ham jalb etilgan. AQSH 900 nafar harbiy xizmatchini yordamga safarbar qildi. Mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi ham ta’mirlandi. Shuningdek, Ekvador va Isroil kabi davlatlardan qidiruv-qutqaruv guruhlari yetib kelgan.
Qiyinchiliklarga qaramay, vayronalar orasidan tirik qolganlar topilmoqda. Seshanba kuni qutqaruvchilar zilziladan olti kun o‘tib xarobalar ostida qolgan kichik bolani tirik holda olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa fojia ko‘lami ulkan bo‘lsa-da, umid hali so‘nmaganini ko‘rsatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA