Velotrek: Sergey Rostovsev Vengriyada oltin va kumush medalni qo‘lga kiritdi
Vengriyada velotrek bo‘yicha o‘tkazilgan «IV. Budapest GP» xalqaro musobaqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sergey Rostovsev ikki marta shohsupadan joy oldi.
«Class 2» toifasiga kiruvchi nufuzli musobaqaning «point race» dasturida hamyurtimiz 116 ochko jamg‘arib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. 30 kilometr masofaga mo‘ljallangan, 150 aylanadan iborat bahsda Rostovsev jismoniy va taktik mahoratini namoyish etdi.
Sportchimiz kun davomidagi yana bir yo‘nalish — «scratch» poygasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Unda Sergey Rostovsev kanadalik Dilan Bibichdan keyin marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Polsha vakili Daniel Stanishevski esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Shu tariqa, 11–12-avgust kunlari Vengriyada o‘tkazilgan «IV. Budapest GP» musobaqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakillari 2 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega bo‘ldi. Bundan avval Nikita Svetkov musobaqaning yana bir yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA