Vazir yoshlar bilan samimiy muloqot qildi
Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Toshkent shahri Yangi hayot tumani yoshlari bilan uchrashdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar mavjud muammolari, istiqboldagi rejalarini aytish imkoniga ega bo‘ldi. Ko‘tarilgan har bir masala atroflicha o‘rganilib, samarali yechim izlandi, ijrosi yuzasidan aniq muddat belgilanib, vazirlik mas’ul xodimlari biriktirildi.


Ayrim yoshlarga tadbirkorlik ko‘nikmasini oshirish va kuchli mutaxassis bo‘lib yetishish bo‘yicha manzilli tavsiyalar berildi. Bu jarayonda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ISSV yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi inobatga olindi.


Yig‘ilish yakunida vazirlik xodimlari bilan yoshlar doimiy muloqot qilib borishiga kelishilib, bildirilgan takliflarni amalga oshirish mexanizmi ma’qullandi. Shuningdek, erishilgan natijalar e’tirof etilib, iqtidorli yoshlar rejalarini hayotga tatbiq qilish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida kelgusidagi uchrashuvlar muddati ham belgilandi.
O‘zA