Vatanparvarlik tarixni bilishdan boshlanadi
Farg‘onada Sharqiy harbiy okrug tasarrufida tashkil etilgan yangi tarix o‘quv binosi ochildi. Tantanali tadbirda viloyat sektorlari rahbarlari, faxriylar, ofitserlar, serjantlar, harbiy xizmatchilar, yoshlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda milliy armiyamiz – mustaqilligimizning, tinch hamda farovon hayotimizning ishonchli qalqoni sifatida shakllandi. Harbiy xizmatchilar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Armiya va xalq birligini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma – harbiy-ma’muriy sektorlar barcha hududlarda samarali faoliyat yuritayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga egadir. Ana shunday islohotlar tufayli “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur. Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz jasorati, ularning “Bilagi zo‘r – birni yengar, ongi va yuragi zo‘r esa – mingni” degan dono o‘gitlari bizga aynan mana shunday hayotiy haqiqatni uqtiradi. Bugungi kunda harbiy ta’lim va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy o‘zligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, tariximizni o‘rgatish muhim vazifa sifatida belgilangan. Mazkur maskan ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.
[gallery-14257]
Ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida katta o‘ringa ega bo‘lgan harbiy okrugda tashkil etilgan ushbu maskan nafaqat harbiy xizmatchilar, balki butun farg‘onalik yoshlarning ma’naviy maskaniga aylanishiga tilak bildirdi. Yoshlar, harbiylar va ularning oila a’zolari vatanimiz tarixi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faxriylar ishtirokida ramziy lenta kesilib, vatanimizning boy tarixini o‘zida mujassam etgan tarix o‘quv binosi bilan yaqindan tanishildi. Mazkur tarix o‘quv binosi yurtimizning qadimiy davlatchilik tarixi, xalqimizning etnik rivojlanish bosqichlari, buyuk ajdodlarimiz hamda ular yaratgan shonli tarix, shuningdek, sabotli xalqimiz boshidan o‘tkazgan tariximizning achchiq sahifalari haqida so‘zlaydi. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur xonalarida esa ularning harbiy jang san’ati, tarixiy merosi, armiyasining jangovar qudrati kabilar aks ettirilgan. Bu yerdagi ko‘rgazmalarda qatag‘on siyosati, “Paxta ishi” kabi xalqimiz boshidan o‘tkazgan og‘ir kunlar faktlar bilan yoritilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, vatanimiz va xalqimiz bosib o‘tgan ulkan tarix jonkuyar mutaxassislar, tarixchi olimlar, amaliy san’at ustalari, harbiylar tomonidan mahorat bilan ochib berilgan.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov olgan suratlar, O‘zA