“Vatanparvar”da ochiq eshiklar kuni
Guliston shahridagi “Vatanparvar” tashkilotida yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda harbiy-vatanparvarlik sohasiga qiziqishini oshirish maqsadida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Sirdaryo viloyat faxriylar kengashi hamda Mudofaa ishlari jamoatchilik kengashi hamkorligida tashkil etildi. Unda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchi yoshlari faol ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ishtirokchilar tashkilot faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari hamda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, sport to‘garaklari va amaliy mashg‘ulotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ayniqsa, pnevmatik miltiqdan o‘q otish sporti bo‘yicha tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar mutaxassislar nazoratida o‘z kuch va mahoratlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashining Harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov va boshqa mutaxassislar yoshlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berib, ularning qiziqishini yanada oshirdilar.

– “Vatanparvar” tashkilotida o‘tkazilgan ochiq eshiklar kuni doirasidagi tadbir biz yoshlarga o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlash, maqsadlarimiz sari qat’iyat bilan intilish uchun qo‘shimcha kuch va rag‘bat berdi. Eng asosiysi, tadbir foydali bo‘ldi. Mutaxassislardan o‘zimizni qiziqtirgan ayrim savollarga atroflicha javob oldik, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Javohir Baratov.
G‘ulom Primov, O‘zA