“Vatanparvar” tashkiloti 30 yoshga to‘lmoqda
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti 1991 yil 23 noyabrda bo‘lib o‘tgan Armiya, aviatsiya va flotga ko‘maklashuvchi ko‘ngilli jamiyat – DOSAAFning VIII Qurultoyi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi DOSAAFining vorisi sifatida tashkil etilgan.
Tashkilot tarkibida markaziy va 14 ta hududiy kengashlar va 211 ta muassasalar mavjud.
“Vatanparvar” tashkiloti asosan, uchta yo‘nalishda faoliyat olib boradi. Birinchi yo‘nalish aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy ma’naviyatimizga hurmat ruhida tarbiyalash hisoblanadi.
Bu yo‘nalishda Tashkilot nafaqat Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, balki respublikamizning barcha tegishli muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. Joriy yil boshidan hozirga qadar Respublika miqyosida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus o‘quv maskanlari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda uyushmagan yoshlar ishtirokida 3000 dan ziyod ma’naviy-ma’rifiy, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkazildi.
“Vatanparvar” tashkilotning ikkinchi asosiy yo‘nalishi aholi, ayniqsa, yoshlarni Tashkilot tizimidagi avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, dengiz ko‘pkurashi, harbiy amaliy ko‘pkurash, xizmatchi itlar, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hisoblanadi.
Hozirda “Vatanparvar” tashkiloti 9 mingga yaqin sportga qiziquvchan yoshlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, tashkilot tasarrufida parashyut sporti bo‘yicha jami 7 ta sport seksiyalari mavjud bo‘lib, ularda 117 nafar sportchi shug‘ullanadi. 2021 yil boshidan hozirga qadar sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha 30 ta respublika musobaqalari o‘tkazildi. Har yili respublika darajasidagi 50 dan ortiq sport musobaqalari tashkil etiladi. “Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI), Xalqaro kemamodeli uyushmasi (“NAVIGA”), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Xalqaro biatlon uyushmasi (IBU) hamda Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning to‘la huquqli doimiy a’zosi hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy uchinchi yo‘nalishi fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga tayyorlash hisoblanadi. Respublika miqyosida tashkilot tasarrufidagi 211 ta o‘quv sport texnika klublarining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida bir yilda o‘rtacha 120-130 ming nafar fuqaro o‘qitiladi.
“2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan davlat dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti zimmasiga tashkilot bazasida yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yana 10 xil kasblarga o‘qitishni ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatli vazifa yuklatildi.
davlat dasturida ushbu mexanizm 3 bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan,
1-bosqichda shu yilning aprel oyidan boshlab fuqarolarni “Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida” “V”,“VS”, “S”, “D”, “E” toifalari bo‘yicha o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilishi;
2-bosqichda avgust oyidan boshlab “Texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” tashkil etilib, unda yoshlar 5 xil kasbga – vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitilishi;
3-bosqichda dekabr oyidan boshlab, “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” yo‘lga qo‘yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro-pod’yomnik, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitish belgilangan.
“Vatanparvar” tashkiloti yuqoridagi vazifalarni barvaqt va sifatli bajarish maqsadida tashkilotning Markaziy kengashi tomonidan respublikamiz miqyosida fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni o‘z tasarrufidagi o‘quv muassasalarida ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga o‘qitishning yangi mexanizmlarini joriy etdi.
Respublika miqyosida birinchi bosqich bo‘yicha o‘qish aprelda, ikkinchi bosqich o‘qishi iyun oyida yo‘lga qo‘yildi. Uchinchi bosqich, ya’ni “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” dekabr oyida boshlanishi belgilanganiga qaramay, joriy yilning sentyabr oyida yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Ahamiyatli jihati, “Vatanparvar” tashkiloti mamlakatimizdagi ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosida o‘qitishni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur tashabbus Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Hozirga qadar 13 735 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzanlari “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida o‘qishga jalb etilgan bo‘lib, ulardan 8 052 nafari o‘quv kurslarini tamomlab, haydovchilik guvohnomalarini qo‘lga kiritdilar.
Shuningdek, 1 732 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzanlari “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi “Texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari”da imtiyoz asosida vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik kasblariga tayyorlanmoqda.
E’tiborlisi, “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi ommaviy texnik kasblarga o‘qitilayotgan ehtiyojmand yoshlar uchun “Tadbirkorlik asoslari”, “Yoshlar o‘rtasida inqiroz holatini yengib o‘tish psixologiyasi”, “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning o‘rni” mavzularida seminar- treninglar o‘tkazib kelinmoqda. Mashg‘ulotlarni olimlar, tajribali amaliyotchi pedagoglar va tadbirkorlik sohasida muvaffaqiyatlarga erishgan yosh tadbirkorlar jalb etilayapti. Bunday yangicha tizim ehtiyojmand yoshlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ortishi, bilim va malakalarga ega bo‘lishlari va kelgusida hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun rag‘bat sifatida xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ushbu yoshlarning vaqtini unumli o‘tkazish va ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida navbatdagi yangi tizimni joriy etildi.
Endilikda, ommaviy texnik kasblarga tayyorlash kurslarida tahsil olayotgan yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi pnevmatik quroldan o‘q otish, duatlon, yozgi biatlon kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etib borilmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oylarida ular o‘rtasida ushbu sport turlari bo‘yicha respublikamiz bo‘ylab tuman, viloyat bosqich musobaqalari tashkil etilib, saralangan yosh havaskor sportchilar o‘rtasida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun respublika musobaqasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika yoshlarini mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha navbatdagi yangi tizimni joriy etdi.
Jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qo‘mondonligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Ushbu memorandumlarga ko‘ra, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar ixtiyoriy ravishda “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida “A”, “B”, “BC”, “C”, “D”, “E” toifalari bo‘yicha va yana beshta mutaxassislik, ya’ni vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, chilangar, avtoelektrik tayyorlashga ixtisoslashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatish kurslarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Aytish joiz, ushbu yangilik mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar tomonidan olqish bilan kutib olindi.
Ushbu yangicha tizimning ahamiyati shuki, yoshlar muddatli harbiy xizmatni yakunlaganidan so‘ng, ular nafaqat Vatanimiz oldidagi muqaddas burchni ado etgan bo‘ladi, shu bilan birga, “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv kurslarida egallagan kasb-hunarlari bilan uylariga qaytadilar.
Ularning ota-onalari ham yoshlar bandligini ta’minlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti hamda Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirliklar va idoralar sa’y-harakatlari tufayli farzandlari bir yil davomida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarning egalari bo‘lib qaytganliklaridan mamnun bo‘ladilar.
Shu yilning 23 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil topganiga 30 yil to‘ladi.
Mamlakatimiz mustaqilligining tengdoshi hisoblanmish tashkilot yuqorida keltirilgan keng qamrovli ishlardan tashqari, xalqqa har tomonlama foyda keltirishi kutilayotgan yana ko‘plab loyihalarni amalga oshirish arafasida.
Muhtasar aytganda, “Vatanparvar” tashkiloti o‘z faoliyati davomida aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlashda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA