Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Yangi Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni ulug‘ ayyom bilan samimiy tabrikladi.
Davlatimiz rahbari eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani bayram shukuhini yanada oshirayotganini ta’kidladi. Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanishiga ishonch bildirildi.
Prezidentimiz xalqimiz 1991-yilda o‘z xohish-irodasi va qat’iyati bilan davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganini qayd etdi. Buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqalishi ta’kidlandi.



Mustaqillik xalqimizga shonu sharafini, muqaddas dinini, ona tilini va unutilayotgan milliy qadriyatlarini qaytardi. Marosimda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz va jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltirilib, mustaqilligimizni mustahkamlashga hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning mehnati va jasorati e’tirof etildi.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.
Davlatimiz rahbari mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lishini ta’kidladi.
Islohotlarning dastlabki kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish, aholining dardiga darmon bo‘lish ustuvor maqsad etib belgilandi va “Inson qadri uchun!” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi.



Eng muhimi, fuqarolar yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Katta siyosiy iroda bilan O‘zbekiston dunyoga keng ochildi, chegara muammolari hal qilinib, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi.
Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatidagi tub o‘zgarishlar natijasida mamlakatimizning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni 80 pog‘ona yaxshilandi. Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, hozir mazkur ko‘rsatkich 40-50 milliard dollarni tashkil etmoqda. Investitsiyalar bilan birga yurtimizga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelmoqda.
Uch yil oldin 2030-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, ushbu marra joriy yilning o‘zida ortig‘i bilan bajarilishi va O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi qayd etildi.
Bunday natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati, millat va davlat birdamligi tufayli erishilayotgani alohida ta’kidlandi.



Yangi davrda 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joyga ega bo‘ldi, minglab mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda. Kambag‘allik masalasi ochiq tan olinib, ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’limi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Izchil sa’y-harakatlar tufayli kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirildi. Bu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam ekani ta’kidlandi. Shu tariqa ijtimoiy siyosatning asosiy o‘lchovi raqamlar emas, inson va oila hayotidagi aniq o‘zgarish bo‘lishi mustahkam qaror topdi.
Prezidentimiz dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallash uchun bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan va mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari zarurligini ta’kidladi. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kirilib, muallimning obro‘-e’tibori tiklanmoqda, daromadi oshirib borilmoqda.
O‘tgan o‘n yilda aholi 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkazildi, maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar, shuningdek, xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganish uchun yaratilgan imkoniyatlar ta’lim tizimiga yangi mazmun olib kirdi.



Oliygohlardagi talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili sifatida belgilandi. AT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga yangi ruh berilib, 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsad qilindi.
Prezidentimiz O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif etadigan markazga aylanishi, o‘zbek tili esa raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Aholi salomatligini muhofaza qilishga ajratilayotgan mablag‘ so‘nggi yillarda 8 karradan ziyod oshirildi. Sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati markazda ham, hududlarda ham kengayib, 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etildi va xususiy sektorga keng imkoniyat berildi.



Natijada tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi, ilgari xorijda bajarilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari yurtimizda yo‘lga qo‘yildi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetdi, go‘daklar va onalar o‘limi 4 barobar kamaydi.
Xalqimizning bebaho ma’naviy merosiga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlar barpo etildi. Ushbu maskanlar yurtimiz va islom olamida, butun jahonda katta e’tirofga sazovor bo‘layotgani qayd etildi. Ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va dunyoga keng targ‘ib etishga qaratilgan bunday bunyodkorlik ishlari izchil davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston yoshlarini mamlakatimizning eng katta boyligi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi deb atadi.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlaridagi tarixiy yutuqlar, futbolchilarimizning ilk bor jahon chempionatida ishtirok etgani, yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari, tanlov va festivallardagi g‘alabalari xalqimizga katta iftixor bag‘ishlamoqda. Samarqandda o‘tadigan Jahon shaxmat olimpiadasi va grossmeyster Javohir Sindorovning jahon shaxmat toji uchun kurashi oldidan yoshlarimizga ulkan zafarlar tilab qolindi. O‘g‘il-qizlarimiz oldinga intilish va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamaslikka da’vat etildi.



Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. “Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi”, dedi davlatimiz rahbari va bu maqsadga xalqimizning aql-zakovati, mehnati hamda birdamligi orqali erishilishini qayd etdi.
Shu maqsadda kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltiradigan yettita milliy dastur amalga oshiriladi. Ular ta’lim va tibbiyotdan tortib, yuqori texnologiyali iqtisodiyot, ekologiya, adolat, mahalla va tashqi siyosatgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni yagona maqsad atrofida birlashtiradi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.



Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishga qaratilgan.
To‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga yo‘naltiriladi.
Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratiladi.
Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiradi.
Yettinchi milliy dastur O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan.



Yurtimizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosati uzoq muddatli taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishilib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlar mustahkamlandi.
Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi, O‘zbekiston bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi. Ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosat hamda iqtisodiy diplomatiya izchil davom ettiriladi.
Mamlakatimiz 2027-2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi va 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi. Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosat qat’iy davom ettirilishi qayd etildi.



Prezidentimiz tantanada ishtirok etgan diplomatik korpus vakillari, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarga samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Mamlakatimiz yetakchisi nutqining yakunida xalqimizga ishonch bilan murojaat qildi: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz. O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li bir haqiqatni ko‘rsatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q”.
Prezidentimiz yagona Vatan va yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajakni birgalikda barpo etishga chaqirdi. Vatanimizning oltin davri va yangi buyuk tarixi xalqimizning matonati, mehnati va birdamligi bilan yaratilishiga qat’iy ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan yana bir bor tabriklab, yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lishini tiladi. Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar tilab, “Yashasin O‘zbekiston Respublikasi! Yashasin O‘zbekiston xalqi!” deya murojaatini yakunladi.

