Vatanga xizmat – oliy sharaf
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ertamiz egalarini mudofaa sohasidagi boshlang‘ich bilimlarga o‘qitish va harbiy xizmatga tayyorlash, fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga tayyorlab, sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
- Maqsad, Vatanimiz xavfsizligi, uning qurolli kuchlari, mudofaa qudratini mustahkamlashga ko‘maklashish, keng xalq ommasi, xususan yoshlarni Vatanni himoya qilishga tayyorlashdir, – deydi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ne’matulla G‘ofurov. - bugungi kunda kengash tasarrufida 13 ta o‘quv sport texnika klubi va viloyat texnik, amaliy sport turlari markazi bo‘lib, shahar va tumanlarda, olis hududlarda texnik-amaliy sport turlarini rivojlantirish, avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida yutuqlarga erishildi. Viloyatdagi o‘quv-sport texnika klublari tarbiyalanuvchilaridan saralangan “Yurt qalqonlari” jamoasi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Respublika bosqichida munosib qatnashib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

O‘quv sport texnika klublaridagi tashkilotlarda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan havo miltig‘idan o‘q otish, triatlon, yozgi biatlon, shuningdek, duatlon, modelsozlik, raketamodel, aviamodel, erkin uchuvchi aviamodel, kord aviamodel, radiosport, karting, avtosport, avtoralli, avtomobil xalqa poygasi, motosport, parashyut, harbiy amaliy ko‘pkurash sport turlari bo‘yicha 59 ta to‘garak va bo‘lim faoliyat yuritib kelmoqda. Ularda 33 nafar trener 770 nafar o‘g‘il-qizga sportning texnik va amaliy turlaridan mashg‘ulot o‘tmoqda.
Umuman olganda, joriy yilning shu davriga qadar sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa natijalariga ko‘ra, jami 12 ta oltin, 10 ta kumush va 13 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.

Shuningdek, ommaviy kasb xodimlarini tayyorlash rejasiga asosan “A”, “V”, “VS”, toifali haydovchilarni tayyorlash va “V-S”, “D”, “Ye”, “VE” “SE” toifalar bo‘yicha qayta tayyorlash ishlari tashkillashtirilgan. Hozirgi kunda turli toifadagi haydovchilikka tayyorlash maqsadida “Ye-Avtomaktab” elektron platformasidan foydalanilmoqda.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘g‘il-qizlarni haydovchilik kurslarida o‘qitish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida har bir ta’lim oluvchi yosh uchun o‘quv to‘lov mablag‘larining 75 foizigacha bo‘lgan qismi “Yoshlar jamg‘armasi” hisobidan to‘lab berilmoqda. Hozirgacha “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1616 nafar yosh haydovchilik kurslarida o‘qidi.

Tizimda ko‘p yillik mehnatlari bilan yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash borasida faollik ko‘rsatib kelayotgan “Vatanparvar” tashkiloti fidoyilari viloyat kengashi tomonidan munosib rag‘batlantirib borilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA