Vatanga sodiqlik yigitning ishi
Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismda Vatanga qasamyod tadbiri o‘tkazildi.
Harbiy qism maydonida chinakam bayram ruhi kezib yurdi. Ayniqsa, harbiy orkestr ijrosidagi marsh sadolari barchani bir maqsad va maslak yo‘lida birlashtirdi. Keng jamoatchilik faollari ushbu lahzalarni katta hayajon bilan kuzatdi.
Mudofaa vazirining tabrigi o‘qib eshittirildi. Saf maydonida qad rostlab turgan yigitlar yuzida ishonch, ko‘zlaridan esa O‘zbekistonning ishonchli va yengilmas o‘g‘lonlari ekanini bilish mumkin. Bunday tantanavor shodiyona Vatan himoyasiga otlangan har bir o‘g‘lon hayotida esda qolishi faxr bilan ta’kidlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan harbiylar, jamoatchilik kengashi faollar harbiy qasamyodning mohiyati, o‘z xalqiga sodiqlikning yuksak mas’uliyati haqida so‘zladi. Qasamyodning hayajonli lahzalaridan biri askar ota-onalarining samimiy dil so‘zlari bo‘ldi. Sodiq bo‘lishga ont ichga har bir askarga Prezident nomidan maxsus sovg‘alar berildi.
– Vatan uchun xizmat qilish har bir yigitning orzusidir, – deydi Xorazm viloyati Hazorasp tumanidan oddiy askar Botir Sayirov. – Men ham qasamyod qilish paytida qalbimdagi kuchli hayajonni his qildim. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Ota-onam juda xursand bo‘lishdi. Maqsadlarim katta. Muhimi, harbiy xizmat hayot yo‘limda menga katta maktab vazifasini o‘taydi. Men ham bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Shuningdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida o‘tgan shunday tantanali tadbirda ham mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev ishtirok etib, askarlarga zafar tiladi.
[gallery-17172]
Marosimda yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan ota-onalar, yoshlar, keksalar Vatanga qasamyod qilayotgan yigitlarni katta hayajon bilan kuzatdi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat),
O‘zA muxbirlari