Vatanga ehtirom va sadoqat ifodasi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunini imzoladi.
Til — millat koʻzgusi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunini imzoladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan kun – 21-oktyabr sanasining “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarning yuksak samarasi, mustaqil Vatanimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, madaniy, maʼnaviy hayotidagi ulkan voqeadir.
Ushbu muhim tashabbus davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktyabr kuni qabul qilingan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida oʻz ifodasini topgan edi.
Oʻzbek tili oʻzining qadimiy va boy tarixida hech qachon davlat va jamiyatning bugungidek yuksak eʼzoz-eʼtibori va gʻamxoʻrligiga sazovor boʻlmagan.Bu “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” dadil qadam qoʻygan Oʻzbekistonimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning yuksak samaralaridandir.
Ushbu farmonga binoan ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida departament, bu yangi tuzilma tashabbusi bilan esa Atamalar komissiyasi tashkil etilganining oʻzi fikrimizning yaqqol dalilidir.
Faoliyati milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lugʻat boyligini oshirish, barcha sohalarda zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobillarini yaratish, bir xil qoʻllanishini taʼminlashga doir gʻoyat dolzarb vazifalarga qaratilgan mazkur komissiya oʻz ishini jadal boshlab yuborgani sezildi.
Ayni paytda,Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi qarori bilan barcha davlat organlari, vazirliklar va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimi tashkil qilindi.Boshqacha aytganda, endi davlatimizning quyi tashkilotlarda ham davlat tiliga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha masʼul vakolatli vakillari bor. Ularning zimmasiga koʻplab yuksak vazifalar qatorida jumladan,joylarda “Oʻzbek tili bayrami kuni” ayyomini yuksak saviyada tashkil etish ham yuklatilgan. Bunday tashkiliy, huquqiy va ilmiy-ijodiy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bir misol. Ilgari ommaviy axborot vositalarida davlat tiliga oid materiallar– maqolalar, koʻrsatuv va eshittirishlar onda-sonda, koʻpincha 21-oktyabr arafasida, paydo boʻlib qolar, keyin yil-oʻn ikki oy goʻyo unutilar edi.
Endi bu ish ham muntazamlik kasb etayotgani yaqqol sezilmoqda. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida maxsus rukin ochilib, rang-barang maqolalar muntazam berib borilayotgani va ular qoʻlma-qoʻl oʻqilayotgani, boshqa koʻplab nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda koʻchirib bosilayotgani, bahs-munozaralar qoʻzgʻatayotgani, jamoatchilikning keng eʼtirofiga sazovor boʻlayotgani qanday yaxshi!
Mustaqil mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublarini tashkil etishga kirishilgani ham davlat tilini rivojlantirish va xalqaro miqyosda targʻib qilish masalalariga yuksak eʼtiborning amaldagi yana bir ifodasidir.
“Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunning aynan 10-aprel — xalqimiz erki va ozodligi yoʻlida jon fido etgan buyuk adib, oʻzbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy tugʻilgan kunda imzolanishida ham katta hikmat va maʼno bor.Bu -ona tilimizning imkoniyatlarini osmon qadar yuksaltirgan soʻz sanʼatkoriga yuksak ixtirom belgisidir.
Oʻzbek tili bayrami ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yana-da yuksaltirish ayyomidir. Ayni paytda ushbu bayram oʻzbek tilini oʻqib oʻrganish, targʻib qilishdan charchamaydigan, uning sofligi, boyligi va nufuzini yana-da yuksaltirish uchun qaygʻuradigan, kurashadigan har bir insonning bayramidir. Yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashadigan qariyb 50 million kishining bayramidir.
Yangi bayramimiz davlat tilining Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millatlar va elatlarning sevimli tiliga, maʼnaviy ehtiyojiga, faxr-iftixoriga, Mustaqillik, Navroʻz ayyomlari singari umumxalq bayramiga aylanishiga shubha yoʻq.
Farmonda taʼkidlanganidek, istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini oʻzaro bogʻlaydigan, birlashtiradigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Davlat tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanmoqda. Endigi masala uning qoʻllanish koʻlamini yana-da kengaytirish, xalqaro nufuzini yana-da oshirishdan iboratdir.
Prezidentimiz oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tarixiy nutqida taʼkidlaganidek, “buning uchunhar birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ulugʻvor ishlar nafaqat yurtimiz, balki xalqaro hamjamiyatning ham keng eʼtibor va eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Buni Oʻzbekistonning milliy saylov tizimiga davlat tilini keng va faol joriy etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar misolida ham koʻrish mumkin. 2019-yili saylovlarni oʻtkazish borasida istiqlol yillarida orttirilgan boy milliy tajriba, xalqaro meʼyor va andazalar asosida ishlab chiqilib, umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mos, lisoniy jihatdan pishiq-puxta, ixcham va yaxlit shaklda qabul qilingan Saylov kodeksi buning yorqin dalildir.
2019-yilning 22-dekabrida “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan Oliy Majlis va mahalliy kengashlar sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida bu oʻzining yaqqol ifodasini topdi.
Prezidentimiz alohida taʼkidlaganidek,“har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
“Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi tarixiy adolatning tiklanishi, mamlakatimizda inson huquqlarining mustahkamlanishi va Vatanimizning yana-da gullab-yashnashida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Qulman OCHILOV,
Markaziy saylov komissiyasi
raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi.
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi.
2020-yil 14-aprel.