Vatan taraqqiyotiga mening hissam
Qarshi shahridagi ma’naviyat maskanida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tanlovda 15 yoshdan 30 yoshga bo‘lgan ijodkorlar “Tasviriy va amaliy san’at”, “Adabiyot va publitsistika” hamda “Milliy maqom va milliy estrada” kabi uchta yo‘nalishda bellashdi. Ularning natijalari har bir yo‘nalish bo‘yicha tayinlangan hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, adabiyot va publitsistika yo‘nalishida Koson tumani vakili Elboy Qulmonov 1-o‘rinni, Qamashi tumani vakili Munisa Norqobilova 2-o‘rinni hamda Mirishkor tumani vakili Gulruh Yoqubova 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishida 1-o‘rin Qarshi shahrilik Baxtigul Yangiboyevaga nasib etgan bo‘lsa, 2-o‘ringa Shahrisabz shahrilik Sevara Ashurova, 3-o‘ringa esa Kosonlik Xolisa Abdullayeva munosib, deb topildi.
Tanlovning “Milliy maqom va milliy estrada” yo‘nalishida Qarshi shahrilik Durdona Narzullayeva 1-o‘rinni egalladi. Ushbu yo‘nalishda 2-o‘rin Mirishkor tumani vakili Lazizbek Rajabboyevga, 3-o‘rin esa Shahrisabz tumani vakili Sevinch Asadovaga nasib etdi.



O‘lmas Barotov, O‘zA.