Vatan himoyachilari kuni keng nishonlandi
Jizzax politexnika institutida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 33 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi bag‘ishlab tayyorlangan videorolik namoyishi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.



– Vatan himoyachisi deganda biz nafaqat harbiylarni, balki yurt tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida halol mehnati va vatanparvarligi bilan o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha insonlarni tushunamiz, – deydi Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmanqulov. – Bu bayram butun xalqimiz uchun milliy g‘urur, birlik va birdamlik ramzidir. Harbiy sohada faoliyat yuritib bugun bizning jamoamizda faoliyatini davom ettirayotgan qadrli hamkasblar, biz sizlar kabi mard va jasur faxriy harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug‘ ishni sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, shoh va shoir Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan Ona yurtimizning chinakam vatanparvarlarini ko‘ramiz.


Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz saflarida o‘z vazifasini astoydil bajarayotgan minglab harbiylarimizning munosib hissasi bor. Ularning mardonavor xizmatlari, xalq tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati hamda qat’iy pozitsiyasi barchamiz uchun ibratdir. Ularning bardoshi va shijoati tufayli Ona yurtimiz osmoni musaffo, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik hukmron.



Tadbirda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan institutda faoliyat olib borayotgan faxriy harbiylar hamda “Qalqon” jamoasi a’zolari taqdirlandi. Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi iqtidorli o‘quvchilari tomonidan Vatan va uning himoyachilarini madh etuvchi she’rlar o‘qildi. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Jizzax viloyati bo‘linmasi raqqosa qizlarining milliy raqslari, oliygoh iqtidorli talabalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Jahongir TULAKOV,
JizPI matbuot kotibi – axborot siyosati
masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi
O‘zA