Uzoqni ko‘zlagan hamkorlik
“Navoiyuran” davlat korxonasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Birlashgan Arab Amirliklaridagi vakolatxonasi direktori S.Hamidov hamrohligida Birlashgan Arab Amirliklarining “Emirates Nuclear Energy Corporation” milliy kompaniyasi yoqilg‘i resurslarini boshqarish bo‘yicha vitse-prezidenti Muhammad Chuka boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Navoiyuran” davlat korxonasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv chog‘ida “ENEC” kompaniyasi delegatsiyasi bilan mamlakatdagi atom elektr stansiyalari parkini barqaror va diversifikatsiyalangan uran bilan ta’minlash masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, mehmonlarga istiqbolda o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgan konlar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Muzokaralar chog‘ida ENEC kompaniyasi “Navoiyuran” davlat korxonasi bilan hamkorlikda uranni qidirish va qazib olish bo‘yicha sarmoya kiritish hamda ishlab chiqarilgan tabiiy uranni sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
O‘z navbatida “Navoiyuran” DK rahbariyati ham kelgusida “ENEC” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanishini bildirgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA