Uzoq manzillar sari boshlangan yo‘llar
Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, ona tabiat va inson ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘zi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.
Darhaqiqat, Navro‘z o‘zining zamin bilan insonlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liq xususiyati ila qadrlidir. Qadimdan ota-bobolarimiz Navro‘zni yil boshi sifatida, katta shodu xurramlik bilan nishonlab kelishgan, elga doshqozonlarda sumalak, halim, osh kabi milliy taomlarimiz tortilgan.
Bugun kun sayin chiroy ochib borayotgan mustaqil diyorimizda Navro‘z chin ma’nodagi qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan holda yurtimizning barcha manzillarida «Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada nishonlanmoqda.
Bu yil Geologiya fanlari universiteti ham milliy bayramimiz – Navro‘zni nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘rdi.
– 2020 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan universitet tashkil etilgan, – dedi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi, Geologiya fanlari universiteti rektori Bobir Islomov. – U o‘zida to‘rtta ilmiy-tadqiqot instituti, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi hamda Davlat geologiya muzeyini jamlagan. Zamonaviy talablarga mos, barcha qulayliklarga ega Geologiya fanlari universiteti kampusi qisqa davr ichida qurib bitkazilib, shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan tantanali ravishda foydalanishga topshirilishi, universitetning respublikamiz miqyosida tutgan o‘rni va ahamiyatidan darak beradi. bugungi kunda universitetda 6 ta ta’lim yo‘nalishi va 4 ta mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ayni chog‘da mazkur yo‘nalishlarda 567 nafar talaba ta’lim olmoqda. Ularning 433 nafari bakalavr, 134 nafari esa magistrdir. Aytish kerakki, bu yilgi Navro‘zning universitet kampusida ilmiy- tadqiqot institutlari jamoasi, talabalar bilan birdamlikda nishonlanishi yosh universitetning uzoq manzillar sari boshlagan yo‘lida ilk nishonlanayotgan bayramlardan sanaladi.
Ta’kidlash joizki, oliy dargohda o‘tkazilgan milliy bayramimiz − Navro‘zi olam tadbiri barchaga ko‘tarinkilik ulashdi. Unda so‘zga chiqqanlar ushbu ulug‘ ayyom hamda yaqinlashib kelayotgan Geologlar kuni bilan universitetda faoliyat olib borayotgan barcha xodimlar hamda talabalarni muborakbod etdi.
– Tadbir universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi tomonidan tashkil etildi. Shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limining bahoriy taomlar ko‘rgazmasi, talabalarning milliy raqs, kuy-qo‘shiqlari, lapar va aytishuvlari, sport o‘yinlari bilan chiqishlari yig‘ilganlarga yanada quvonch bag‘ishladi. Bayramning ikkinchi qismida talabalar va universitet jamoasi uchun bayram dasturxoni tuzatilib, osh, sumalak va milliy taomlar tortildi. Shundan so‘ng, sport o‘yinlariga start berildi, – dedi Geologiya fanlari universiteti matbuot kotibi Rasuljon Nafasov.
[gallery-6409]
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA