“Uyg‘onganimdayoq charchagan bo‘laman”: jaziramada tirikchilik qilish qanchalik qiyin?
Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo shaharlarida norasmiy sektorda ishlovchi ishchilar uchun jazirama mehnat sharoitlarini yanada og‘irlashtirmoqda, chunki ular ko‘pincha soya, sovutish tizimlari va tibbiy himoya vositalarisiz uzoq vaqt davomida ochiq havoda ishlashga majbur bo‘ladilar.
Hindistonlik Jaloj Jha har kuni ertalab ishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashi bilanoq o‘zini holdan toygandek his qiladi. Dehlidagi havo aylanmaydigan, faqat qizib ketgan havoni aylantirib turuvchi g‘ijirlagan ventilyator o‘rnatilgan tor xonada uyg‘ongan 24 yoshli Jalojni oldinda oziq-ovqat yetkazib berish bilan bog‘liq 12 soatlik ish kuni kutib turadi.

– Bu issiqda atiga uch-to‘rt soat uxlay olaman xolos, -deydi u yetkazib berishda foydalanadigan mototsiklining changini artar ekan. – Uyg‘onganimdayoq charchagan bo‘laman, go‘yo tanam meni orqaga tortayotgandek.
Hali soat ertalabki 7:00 bo‘lishiga qaramay, havo harorati allaqachon 30°C ga yetgan – bu kun davomidagi eng past harorat. Kunduzi esa harorat 45°C dan ham oshib ketishi mumkin. Shu hafta Dehli so‘nggi ikki yil ichidagi eng issiq may kunini va so‘nggi 14 yildagi eng iliq may kechasini qayd etdi.

AQSHda joylashgan xalqaro “Xalq jasorati” tashkilotining (PCI) Dehli, Dakka, Katmandu, Jakarta va Keson-sitida olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, tungi haroratning oshib borishi hamda “shahar issiqlik oroli” effekti – ya’ni, zich qurilgan shaharlarda issiqlikning to‘planib qolishi – millionlab norasmiy ishchilarni yangi ish kuni boshlanishidan oldinroq holdan toydirmoqda.
Haydovchilar, qurilishdagi ishchilar va ko‘cha savdogarlari kabi odamlar uchun tor, shamollatish tizimi yo‘q yoki elektr ta’minoti ishonchsiz bo‘lgan uy-joylarda hatto uxlashning o‘zi ham mushkullashib bormoqda. Dam olish va sovish imkoniyatining yo‘qligi issiqlik bilan bog‘liq kasalliklarni kuchaytirib, mehnat unumdorligini pasaytirmoqda va allaqachon og‘ir ahvoldagi ishchilarni yanada chuqur iqtisodiy qiyinchilikka yetaklamoqda.

Ta’kidlanishicha, Janubiy Osiyoda iqlim o‘zgarishi tufayli musson oldidan kuzatiladigan issiq to‘lqinlar ehtimoli uch baravarga oshishi kutilmoqda. O‘tgan oyda 15 kun davom etgan va halokatli oqibatlarga olib kelgan issiq to‘lqin shular jumlasidan. Olimlarning fikricha, mintaqaning katta qismida tungi harorat kunduzgi haroratga nisbatan tezroq oshib bormoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyoda ishchi kuchining 70 foizdan ortig‘i ish jarayonida haddan tashqari issiqlik ta’siriga duch keladi. Eng ko‘p xavf ochiq osmon ostida ishlovchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, chunki ular kunning eng qaynoq pallalarida ham quyosh tig‘ida mehnat qilishga majbur. Bu ayniqsa, mehnat bozorining qariyb 90 foizi norasmiy sektordan iborat bo‘lgan Hindiston kabi mamlakatlarda katta muammo hisoblanadi.

Mutaxassislar mintaqa shaharlari kuchayib borayotgan issiq to‘lqinlariga hali yetarlicha tayyor emasligini aytmoqda. Ayrim hukumatlar, jumladan Dehli ma’muriyati, issiqlikka qarshi harakat rejalari va ogohlantirishlar, suv tarqatish nuqtalari, erta ogohlantirish tizimlari hamda kunning eng issiq paytida tashqi ishlar jadvalini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar joriy etgan. Biroq tadqiqotchilarning fikricha, bu choralar asosan reaktiv tusga ega bo‘lib, o‘ta issiq sharoitda yashab, ishlab kelayotgan ishchilar ehtiyojlarini to‘liq hisobga olmaydi.
PCI hisobotiga ko‘ra, mazkur besh shaharda 2 200 dan ortiq ishchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning qariyb har o‘n nafaridan sakkiztasi kuchli issiqlik ularning turmushi yoki daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytgan. Ishchilar to‘liq smenada ishlay olmagani sababli daromad yo‘qotayotgani, suv, dori-darmon va transport uchun ko‘proq mablag‘ sarflayotgani, shuningdek, uzoq vaqt ochiq havoda ishlash oqibatida bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi va charchoqdan aziyat chekayotganini bildirgan.

– Issiqlikning ta’siri birdan sezilmaydi, ammo asta-sekin organizmga zarar yetkazadi, -deydi PCI tadqiqotchisi Amina Kidvay.
Uning aytishicha, ishchilar issiqlik ta’sirini hayotning deyarli barcha jabhalarida – uyda, ishda, qatnov paytida, hatto ruhiy holati va jamoa bilan munosabatlarida ham his qilmoqda.
Gurugram shahrida yashovchi 32 yoshli sabzavot sotuvchisi Ajay Kumar har kuni ulgurji bozordan 7 kilometr uzoqlikdan mahsulot olib kelish uchun sabzavot ortilgan uch g‘ildirakli rikshani tirband ko‘chalar orqali tortib yurishga majbur.

– Deyarli har kuni issiqdan boshim aylanadi, lekin oilam uchun ishlashdan boshqa ilojim ham yo‘q, -deydi to‘rt nafar farzandi bor Kumar.
Tadqiqotchilar bu kuchayib borayotgan toliqish holatini “tiklanish yetishmovchiligi” deb atashmoqda. Bunda ishchilar har yangi kunni allaqachon jismonan holdan toygan holda boshlaydi. Ularning fikricha, uyqu yetishmasligi nafaqat mehnat unumdorligining pasayishi va sog‘likning yomonlashishiga, balki xavotir va ruhiy charchoqning kuchayishiga ham olib kelmoqda.

To‘rt yil avval ish izlab Bixar qishlog‘idan ko‘chib kelgan Kumar rafiqasi va farzandlari bilan shamollatish tizimi bo‘lmagan, faqat zang bosgan ventilyator o‘rnatilgan tor xonada yashaydi. Uning aytishicha, o‘tgan yil yozda sovutgich sotib olmoqchi bo‘lgan, ammo bunga qurbi yetmagan.
– Kuniga arang 300-400 rupiy (3–4 dollar) topaman. Pulning asosiy qismi oilamni boqishga ketadi, -deydi u. – O‘zim bilan doim suv olib yuraman va boshimni ho‘llab turaman. Shu ozgina bo‘lsa-da yengillik beradi, -deydi u.
O‘.Alimov, O‘zA