Uyda o‘tirib to‘lash mumkin
Mamlakatimizda bank-moliya, aloqa va axborotlashtirish kommunikatsiyalari, xususiy mulkchilik munosabatlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida elektron hisob-kitob qilish tizimi hayotimizning barcha jabhalariga kirib keldi.
Mamlakatimizda bank-moliya, aloqa va axborotlashtirish kommunikatsiyalari, xususiy mulkchilik munosabatlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida elektron hisob-kitob qilish tizimi hayotimizning barcha jabhalariga kirib keldi.O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 16-dekabrdagi «Elektron to‘lovlar to‘g‘risida»gi qonuni elektron hisob-kitoblarni, xususan, bank to‘lov tizimlarini keng qo‘llash orqali elektron hisob-kitoblarni yanada rivojlantirishga imkoniyat yaratdi.
Operatsiyalar narxining arzonligi, bajarilish tezligining yuqoriligi, masofadan turib to‘lovlarni amalga oshirish mumkinligi elektron pullarning muhim afzalliklari hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, internet orqali moliyaviy operatsiyalarni bajarish xarajatlarni 3 baravardan 10 baravargacha kamaytirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 19-apreldagi “Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda elektron to‘lov tizimini yangi bosqichga ko‘tardi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi va Yagona umumrespublika protsessing markazi tomonidan Uzkart banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilari bo‘lgan tijorat banklari bilan birgalikda onlayn rejimida ishlaydigan “Smart-Vista” EMV texnologik platformasi joriy etildi.
Bu turdagi plastik kartochkalar orqali mijoz o‘z kartochka hisobvaraqlarini real vaqt ichida boshqara oladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda onlayn rejimida ishlaydigan plastik kartochkalar soni 8 milliondan oshgan. Bu mamlakatimizda barcha banklar tomonidan muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalarning yarmi deganidir.
2013-yil sentabr oyida Yagona umumrespublika protsessing markazi va Click kompaniyasi hamkorligida mobil-banking tizimi ishga tushirildi. Xizmatga ulanish uchun onlayn plastik kartochka foydalanuvchisi istalgan bank yoki infokioskda Uzkart SMS-axborot berish xizmatini mobil telefoniga ulashi, so‘ngra bepul USSD so‘rovini jo‘natib, o‘z plastik kartochkasini tizimga bog‘lashi lozim. Shundan keyin foydalanuvchi mobil telefon yoki internet orqali nafaqat uyali telefon, internet, televideniye va kommunal xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishi, balki uydan chiqmagan holda internet do‘konlardan turli mahsulotlarni xarid qilishi mumkin.
Slick tizimi foydalanuvchilarga USSD, SMS va internet portallari vositasida mablag‘ni bir hisobdan boshqa hisobga o‘tkazish, ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil raqami hisobini avtomatik to‘ldirish imkonini beradigan «avtoto‘lov»ni faollashtirish, to‘lovlar tarixini ko‘rish, bank hisobvaraqlari holati to‘g‘risida SMS xabarlar olishda beminnat dastyor bo‘ladi.
Hozirgi paytda ushbu tizim orqali uy va mobil telefon, internet xizmatlari uchun to‘lovlardan tashqari 52 turdagi internet servis, 20 turdagi savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari bilan hisob-kitobni amalga oshirish mumkin. Xususan, «Avtech», «UZTE» kompaniyalari tomonidan komputer va mobil telefonlarini xarid qilish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lganlarga ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Gosuslugi.uz» xarajatlarini to‘lash mumkin.
Aloqa, internet, televideniye, kommunal xizmatlar, soliq, jarima hamda boshqa to‘lovlarni, shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tatbiq etilgan “Sms-To'lov” (UPAY), “National Engineering Technologies” kompaniyasi tomonidan joriy qilingan MBANK elektron to‘lov tizimlari yordamida ham real vaqt rejimida amalga oshirish mumkin.
Elektron hisob-kitoblar vositachilik haqisiz, sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirilishi aholiga katta qulaylik yaratmoqda.
Bunday imkoniyatlar bank hisobvaraqlarini masofadan boshqarish tizimlaridan (bank-mijoz, internet banking, mobil-banking, SMS-banking va boshqalardan) foydalanuvchilar sonining oshishiga xizmat qilmoqda. Mobil-banking hamda SMS-banking xizmatidan foydalanuvchilar soni o‘tgan yildagiga nisbatan ikki barobar o‘sdi. Slick xizmati mijozlari bir milliondan oshib ketdi.
Elektron to‘lov tizimlari mamlakatimizda zamonaviy biznes shakllarining taraqqiy etishida poydevor bo‘lmoqda. Binobarin, masofadan turib to‘lash imkoniyati iste’molchi va ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi uchun birdek qulaylik yaratib, zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan savdo munosabatlarini yanada chuqurlashishiga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, internet-do‘konlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish an’anaviy do‘konlarga nisbatan birmuncha kamxarj. Chunki ekspluatatsiya xarajatlari onlayn tijoratda deyarli yo‘q. Faqat tovarlar saqlanadigan ombor va mahsulotlarni yetkazib berish xizmati bo‘lsa bas.
– Do‘konimiz mijozlarining asosiy qismini ikkita mavze aholisi tashkil etadi, – deydi Sergeli tumanidagi «Omad-Fayz» korxonasi rahbari Tolib To‘ychiyev. – Savdo-sotiq ko‘lamini yanada kengaytirish uchun hozirgi vaqtda do‘konimiz mahsulotlari asosida internet-do‘kon ochish ustida ish olib borayapmiz. Maqsadimiz – avval tuman miqyosida mahsulotlarni yetkazib berishni, keyinchalik butun shahar bo‘ylab savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yish.
Internet do‘konlarda mahsulotlar narxi va sifatini shu turdagi boshqa tovarlar bilan taqqoslash mumkinligi, mahsulot haqida to‘liq va aniq ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyati iste’molchilar uchun muhim qulaylikdir.
– Yaqinda uyni ta’mirlata turib, internetdan zarur tovarlarni qidirdim, – deydi olmazorlik Rahim Niyozov. – Onlayn do‘konlardan birida plastik trubalarning narxi ma’qul tushib, buyurtma qildim. To‘lovni plastik kartochka orqali to‘laganim uchun yetkazib berish ham tekin bo‘ldi.
Mamlakatimizda elektron to‘lov mexanizmlarining takomillashtirilishi elektron savdo imkoniyatlarini yanada faollashtirish imkonini bermoqda. Bu tovarlar aylanishi, pul muomalasini yanada tezlashtirish, bozorlarning ochiqligini oshirishga, pirovardida, xalqimiz turmush darajasining yanada yaxshilanib, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.