Ustuvor vazifalar ijrosi yo‘lida
Toshkent shahar hokimligida 2014-yil yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar hokimligida 2014-yil yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar hokimi R.Usmonov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
2014-yil yakuniga ko‘ra shaharda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi 9 foiz, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 15,8, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 15,5, asosiy kapitalga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 8, pudrat qurilish ishlari hajmi 9,2, chakana tovar aylanmasi 13,6 hamda jami xizmatlar ko‘rsatish ulushi 14,8 foizga o‘sdi. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushi 55,9 foizni tashkil etdi.
2014-2016-yillarda Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida hisobot davrida belgilangan 3270 investitsiya loyihasining barchasi ishga tushirildi. Investitsiya dasturi doirasida 51 ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.
Poytaxtimizning Eski shahar qismida uzunligi 5,1 kilometr bo‘lgan yangi aylanma yo‘l qurilishi amalga oshirildi. Labzak va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishuvida ko‘prik barpo etildi. Qator ta’lim, tibbiyot muassasalari, bolalar sporti maydonchalari foydalanishga topshirildi.
Bandlik dasturiga asosan 2014-yilda 91,2 ming ish o‘rni tashkil etildi. Mazkur ish o‘rinlariga kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, ayollar, yoshlar, alohida ehtiyojli fuqarolarni joylashtirishga jiddiy e’tibor qaratildi.
«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi doirasida oilaviy poliklinikalar, shifo maskanlari, tibbiy dispanserlar faoliyatini takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, ko‘lamini kengaytirish, soha xodimlarining kasb malakasini yuksaltirish, ta’lim dargohlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi-yangi sport-sog‘lomlashtirish maskanlarini bunyod etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlarida mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, keksalarga hurmat va e’tibor ko‘rsatishga oid istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Toshkent shahar faollari yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.