Ustuvor vazifa va istiqbolli loyihalar
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal- demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashining olti oylik faoliyati yakunlari hamda navbatdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan partiyaning viloyat kengashi raisi Farmon Aminovning ma’ruzasi tinglandi.
Ta’kidlanganidek, “Yoshlarni qo‘llab – quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashga buxorolik partiya faollari ham o‘zining salmoqli hissasini qo‘shmoqda. Partiya viloyat kengashi faoliyatida kadrlar masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning malakasini oshirish, partiya safini bilimli, izlanuvchan va intiluvchan kadrlar hisobiga kengaytirilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, joylardagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatining davr talablari darajasida bo‘lishini ta’minlash doimiy e’tiborda.
O‘tgan bir yil ichida quyi bo‘g‘inlarning umumiy soni 785 tadan 803 taga yetdi. Birgina joriy yilning dastlabki 6 oyi davomida partiya a’zolari soni viloyat bo‘yicha 38 ming 66 nafardan 51 ming 628 nafarga yetkazilganligi barcha shahar va tumanlarda mazkur yo‘nalishda aniq amaliy ishlar amalga oshirilganidan dalolat beradi.
Partiya viloyat kengashining siyosiy ta’lim va deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi sa’y-harakati bilan joriy yilda joylarda turli mavzularda 166 ta tadbir o‘tkazildi. Partiyadan xalq deputatlari viloyat kengashiga saylangan 19 nafar hamda tuman va shahar kengashlariga saylangan 125 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlari hamda xalq noiblari tomonidan hududlarni ijtimoiy –iqtisodiy rivojlantirish, xalq turmush farovonligini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi korxona va tashkilotlarning raxbarlariga yuborilayotgan deputatlik so‘rovlari o‘z amaliy natijasini bermoqda.
2021 yilning 6 oyi ichida deputatlik so‘rovlarining umumiy soni 572 tani tashkil etgan. Shuningdek mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari tomonidan doimiy komissiyalar va mahalliy kengash sessiyalari yig‘ilishlari kun tartibiga dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha 103 ta masala kiritilgan. Doimiy komissiyalarning 72 ta, mahalliy kengash sessiyalarining esa 14 ta qarorlari qabul qilingan.
Mahalliy kengash deputatlarining o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari chog‘ida aholini qiynab kelayotgan muammolarga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Mahalliy hokimlik va ijro hokimiyati organlari hamkorligida bu muammolarga yechim izlanadi. Jumladan, 2021 yilda aholi vakillari tomonidan ilgari surilgan 592 ta muammoli masalalarning 556 tasini xalq noiblari va partiya faollari ko‘magida ijobiy hal etilgan.
Partiya viloyat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ushbu Kengashning yoshlar bilan ishlash hamda “Ayolllarning siyosiy faolligi jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish” bo‘limlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham atroflicha so‘z yuritildi. Kadrlar zaxirasini yoshlar hisobiga to‘ldirish partiyaning asosiy maqsadlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Partiya “Ayollar qanoti” ning “ Ishbilarmon ayol” ko‘rik –tanlovi, shuningdek “Sog‘lom oila – mustaxkam oila”, “Farovon oila”, “Namunali tomorqachi”, “ “Bunyodkor ayollar” loyihalari hamda “Durdona” ma’rifiy loyihasi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar e’tiborga sazovorligi e’tirof etildi.
Kengaytirilgan yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 30 iyun kuni O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumidagi nutqidan kelib chiqadigan vazifalar hamda partiyaning o‘zgarayotgan ramzi masalasi muhokama etildi. Partiyaning yangi ramzi (logotipi) bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi.
Yig‘ilishda viloyat partiya tashkiloti faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradigan bir qator ustuvor vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Partiya viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari Jasur Boltayev o‘z arizasiga binoan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Yoshlar ishlari Agentligi G‘ijduvon tumani bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Bobomurod Ochilov partiyaning Buxoro viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston liberal- demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov so‘zga chiqdi.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA