Ustozning ibratli hayot yo‘lida bunyodkorlik, ezgulik bor
Ta’bir joiz bo‘lsa, Ismoil Jo‘rabekovning umr yo‘lini oqar suvga o‘xshatgim keladi. Suv o‘z oqimi bo‘ylab borar ekan, har bir manzilga yashillik, obodlik bag‘ishlaydi. Qaqrab yotgan yerlar ham suv bir yugurib o‘tganidan so‘ng ko‘rkamlikka burkanadi, so‘lib, holsizlanib qolgan hayvonot va nabotot olami aynan suvdan kuch oladi, suv bilan qaddini ko‘taradi.
Ismoil Jo‘rabekov bosib o‘tgan ibratli umr yo‘lining qaysi manziliga boqmang, unda yaratuvchanlik, bunyodkorlik, ezgulikni ko‘rasiz. Yoshligidan g‘ayrat-shijoati, tirishqoqligi, o‘tkir zehni bilan tengdoshlaridan ajralib turgan bu inson qaysi jamoada va qaysi lavozimda ishlamasin, doimo muammolarni hal qilmagunicha tinib-tinchimasligi, vaziyatga real baho berishi, tashabbuskor va tashkilotchiligi, o‘ta talabchanligi, yetuk rahbarlik salohiyati bilan odamlar mehrini qozondi.
Qanchadan-qancha qishloqlarga obihayot olib bordi, yerlarni yashnatdi, irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirmasdan turib, qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyat qozonib bo‘lmasligini amalda isbotladi, qachon, qayerda bo‘lmasin hamisha dehqonu mirishkorlarni qo‘llab-quvvatladi va ularga beg‘araz ko‘makchi bo‘ldi.
Ustoz davlatimiz rahnamoligi ostida yanada “yasharib”, fidoyilik bilan qizg‘in mehnat jarayoniga kirishib ketdi.
Aynan Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlovi bilan Suv xo‘jaligi vazirligi tashkil etildi. Vazir maslahatchisi sifatida Ismoil Jo‘rabekovning tashabbusi bilan qisqa vaqt ichida suv xo‘jaligi xodimlari malakasini oshirishning butunlay yangi tizimi yaratildi. Shaxsan o‘zi viloyatlardagi yirik suv ob’ektlarini ko‘zdan kechirib, kamchiliklarni bartaraf etish, ishlarni takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildiradi. Buning natijasida suv xo‘jaligi sohasida yangicha ilmiy yondashuvlarni qo‘llashni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan hamkorlik mustahkamlandi
Mohir siyosatchi Ismoil Jo‘rabekov Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy-ijtimoiy hamkorlikni, qo‘shni xalqlar bilan do‘stona aloqalarni tiklashga beqiyos hissa qo‘shdi. Xususan, 1990 yillarda Tojikiston Respublikasida yuzaga kelgan fuqarolar urushi davrida qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan qardosh tojik xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlashda Ismoil Hakimovichning sa’y-harakatlarini tojik birodarlarimiz hamon minnatdorlik bilan eslaydi.
Ismoil Jo‘rabekov mamlakatni qadamma-qadam kezib chiqqan. Dehqonlar, oddiy suvchilar va miroblar bilan yaqindan suhbatlashib, ularning o‘y-tashvishlariga quloq tutgan, muammolariga yechim topib bergan. Shuning uchun bu insonni xalqimiz yaxshi ko‘radi, ardoqlaydi, qayerga bormasin e’zozlab, izzat-ikrom ko‘rsatadi.
Jo‘shqin faoliyati va bor salohiyatini suv xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan, buni umr mazmuni deb bilgan Ismoil Hakimovich, shubhasiz, katta maktab yaratdi. U kishining shogirdlari bugun respublikamizning barcha hududlarida, suv xo‘jaligi tashkilotlarida mehnat qilmoqda.
Mamlakatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Jo‘rabekov Ismoil “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Hamon el-yurt tashvishi bilan yashayotgan, ulug‘ yoshga yetganida ham ilm egallashdan zarracha chekinmagan, aksincha, yillar davomida egallagan bilimlarining “qaymog‘i”ni odamlarga ulashish uchun intiladigan ustozimizdan, u kishining shunday yuksak mukofotga sazovor bo‘lganidan barchamiz benihoya faxrlandik.
Ustozning hormay-tolmay, shijoat bilan hali yana uzoq yillar soha rivojiga hissa qo‘shib yurishlarini Yaratgandan so‘rab qolamiz.
Shavkat Hamroyev,
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri,
qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi.