URUSHDAN QAYTMAGAN QAHRAMONLARIM!
1941-1945-yillarda Ikkinchi jahon urushining soʻngi yillarida maydonga oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshli yigitlar otlangan edi.
1941-1945-yillarda Ikkinchi jahon urushining soʻngi yillarida maydonga oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshli yigitlar otlangan edi. Ulardan koʻpchiligi qaytmagan...
Oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshdagi durkun,
Yigitlar janggohga otlandi bir kun.
Himoya qilaman dushmandan deya,
Qishlogʻi, Vatani, shu aziz yurtin.
Oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshdagi yigit,
Maydonga otlandi koʻzlari kulib.
Qoramtir yuzdagi kulgichlariga,
Onaga aytmagan bir sirni tugib.
Oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshdagi oʻgʻlon,
Keldi, deb menga ham bir navbat, imkon.
Nomini bilmagan olis yurtlarga,
Otlandi vatanga munosib qoʻrgʻon,
Oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshida ular,
Yengamiz yovni deb kuchlarga, toʻlar.
Shineli ichida onasin xati,
Yurak choʻntagida bir suluv kular.
Yovni yengamiz-u, qaytamiz uyga,
Baringni qishloqqa aytaman toʻyga.
Deb, har kun takrorlar safdoshlariga,
Bilmas lek bitilgan peshonasiga.
Qayerda uzildi, uzildi joni,
Qaysi tuproqlarga toʻkildi qoni.
Qaysi makonlardan qabringni izlay,
Urushdan qaytmagan, yurtim oʻgʻloni?!.
Sen ketgan yoʻllarga unsiz tikilib,
Unsiz yigʻlar onang, unsiz toʻkilib.
Bugun kelar, deya har tong uygʻonib,
Oʻchoqqa oʻt qalar beli bukilib.
Sen ketding, mahzun dil qoldi mungʻayib,
Urushmi, zamonmi, bilmam kimda ayb.
Sen ketgan yoʻllarning changin artadi,
Qolganin sezmasdan yoshi ulgʻayib.
...Jon berib, Vatanin saqlaganlarim,
El-yurt umidini oqlaganlarim.
Oʻn yetti, oʻn sakkiz yoshida ketib,
Urushdan qaytmagan qahramonlarim!
... Yoʻlinga koʻz tikib, koʻz tikib oʻtdi,
Ortingda qolganlar – bagʻri qonlaring!
...Urushdan qaytmagan qahramonlarim!
Aqshagul TULEGENOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati.