Urush qatnashchilariga Prezident tabrigi yetkazildi
Ikkinchi jahon urushida Xorazm viloyatidan 67 ming 300 nafar kishi qatnashgan.
Ulardan 21 ming 351 nafari eson-omon ona yurtga qaytgan. Afsuski, 31ming 445 nafar jasur yigitlar qahramonlarcha halok bo‘lgan, 7 ming nafardan ziyodi bedarak yo‘qolgan. To‘rt muchasi sog‘lom 13 ming 211 nafar Xorazmning pahlavon o‘g‘lonlari shafqatsiz urushdan uyiga nogiron bo‘lib qaytgan. Bugungi kunda ularning 4 nafari hayot.
Gurlan tumanining Mirobod mahallasida yashovchi Bobojon ota Madaminov 105 yoshda. Yomon ko‘zdan asrasin, hali tetik va bardam. Bobojon ota garchi bir asrdan ziyod umr ko‘rayotgan bo‘lsada keksalikni tan olmaydi. Ya’ni hayotga ishtiyoqi baland. Otaxonning ma’noli so‘zlari yoshlar tarbiyasida o‘rnak bo‘lmoqda. Urush jangohlarida ona vatanga fidoyilik bilan o‘zini ko‘rsatgan Bobojon otaning ko‘ksini orden, medallar bezagan.

Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov otaxon huzurida bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan uning nomiga shaxsan yo‘llangan tabrikni o‘qib eshittirdi. “Ikkinchi jahon urushida g‘alabining 80 yilligi" estalik yubeley medalini hamda 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi. Bundan xursand bo‘lgan Bobojon ota qo‘llarni duoga ochib, yurtimizga tinchlik, xotirjamlik tiladi.
– Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, – deydi urush va mehnat faxriysi Bobojon ota Madaminov. – Biz urush azobidan tashqari hayotning ham turli zahmatlarini chekdik. Biroq hozir qilgan mehnatlarimizning rohatini ko‘rmoqdamiz. Inson baxtli hayot kechirishi uchun, eng avvalo, yurt tinch bo‘lishi lozim. Inson qadri ulug‘langan zamonlarga yetib kelganimga ming shukrlar aytaman. Bu kunlarni orzu qilgan, biroq yetaolmaganlar qancha. Bizga shunday ehtirom ko‘rsatib, e’zozlayotgan Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Qo‘shko‘pirlik Vapo ota Iskandarovga ham alohida xurmat va ehtirom ko‘rsatildi. Bayram munosabati bilan unga atalgan Prezident tabrigi o‘qib eshittirildi. Estalik yubeley medali, sovg‘alar hamda pul mukofoti topshirildi. Xonadoniga mehmon bo‘lganlar otaxonning el- yurt, Vatan uchun qilgan mehnatlarini alohida e’tirof etdi. Yoshlarga namuna qilib ko‘rsatildi.

– Men urushga otlanganimda yoshgina bola edim. – deydi urush va mehnat faxriysi Vapo Iskandarov. – Ota-onam, yaqinlarim, do‘stlarim, eng asosiysi, jonajon yurtim qadrini frontda anglab yetdim. Urushdan qaytgach umrimni ularning xizmatiga bag‘ishladim. Adashmagan ekanman. Vatanim, xalqim oldida qilgan kichik xizmatlarimni yuksak baholab, menga har doim sovg‘alar, turli mukofotlarni ravo ko‘rishadi. Men bundan juda xursand bo‘laman. Allohim yurtimizga baxt ato etsin.
Bugun Yangariq tumani Qo‘riqtom mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 100 yoshdan oshgan Aminboy ota Matniyozov oddiy, kamtar, ochiqko‘ngil inson.Yoshligida og‘ir damlarni boshidan kechirgan Aminboy ota urush tugagach, yurtimizga qaytib, oilali bo‘ldi va baxtli hayot kechirdi. Uzoq yillar agronomlik qilib, yer bilan tillashgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bugungi kunda viloyatimizda keksalik gashtini surayotgan beshnafar quroldosh do‘stlari qatori davlatimiz g‘amxo‘rligi tufayli yanada uzoq umr ko‘rish istagi bilan yashamoqda. Bayram munosabati bilan o‘ziga ko‘rsatilgan hurmat va e’tibordan u juda mamnun bo‘ldi.
Hazorasp tumanining Karvak qishlog‘i Shovot mahallasida yashovchi Bekjon ota bu yil 103 yoshga to‘ldi. Mahalla ahlining ardog‘idagi otoxon doimo yoshlarga vatanparvarlikni targ‘ib qiladi.
Yuz yosh bilan yuzlashib, hayotning barcha achchiq-chuchugini totgan bu tabarruk nuroniylar bunday e’tibor uchun hurmatli Prezidentimizga samimiy minnatdorchilik bildirib, yurtimiz tinchligini tilab duoga qo‘l ochdilar.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari