Urush faxriysi holidan xabar olindi (video)
Ikkinchi jahon urushi yillarida Surxondaryo viloyatidan 53 ming 365 nafar mard, botir o‘g‘lon frontga jo‘natilgan. Ularning 11 mingdan ortig‘i jang maydonlarida halok bo‘lgan. Shu kunlarda viloyat bo‘ylab umrguzaronlik qilayotgan urush qatnashchilariga chuqur ehtirom ko‘rsatilib, jangu jadallarda halok bo‘lganlar xotirasi yodga olinmoqda.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Boysun tumani Temir darvoza mahallasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 104 yoshni qarshilagan Shohimardon bobo Hamroyev holidan xabar olgani Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayrobod garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari, tuman mudofaa ishlar bo‘limi mas’ullari va yoshlar tashrif buyurdi.
Shohimardon boboning bilagi kuchga to‘lgan yoshlik yillari insoniyat tarixidagi eng qirg‘inbarot urushga to‘g‘ri keldi. U suronli yillarda Voronej, Latviya, Litva, Estoniya kabi davlatlarni dushmandan ozod qilishga o‘z hissasini qo‘shgan. Jangu jadallarda jasorat ko‘rsatgan otaxon frontdan qaytgach, maktabda 40 yil o‘qituvchilik qildi. “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” nishoni bilan taqdirlandi.
Tabarruk otaxonning xonadoni doimgidek yana gavjum. Shohimardon bobo Yangi O‘zbekistonga tinchlik-totuvlik, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bardavomlik, yosh avlodga baxtu saodat tilab, duoga qo‘l ochdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tQlwR3mz74Y" title="Urush faxriysi holidan xabar olindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat va video), O‘zA