Urush faxriylariga Prezident sovg‘alari topshirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi vakillari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, shahar va tuman hokimliklari hamda davlat va jamoat tashkilotlari a’zolari Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Buyuk g‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan faxriylarga Prezident sovg‘alarini topshirdi.
Jumladan, Yangi yil bayrami arafasida Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Qodirboy Narmanov, Xo‘jayli tumanida umrguzaronlik qilayotgan Nurulla Isakov, Qonliko‘l tumanidan Orazbay Nametullayev, Qorao‘zak tumanida istiqomat qilayotgan Genjemurat Allaniyazov, to‘rtko‘llik Ivan Galenko holidan xabar olishdi.
Ikkinchi jahon urushida 66 ming nafar qoraqalpog‘istonlik ishtirok etgan va ulardan 34 ming nafari janggohlarda halok bo‘lgan. Frontga safarbar etilgan 14 mingdan ziyod yurtdoshimiz jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. bugungi dorilomon kunlarda qoraqalpog‘istonlik 5 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi umrguzaronlik qilib kelmoqda.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi, sovg‘a-salomlari va moddiy yordam, yangi nashrdan chiqqan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob, dori-darmon uchun 1 million so‘mlik sertifikat, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Otaxonlarga “O‘zbekiston Respublikasi mutaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni tantanali tarzda topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA