Urug‘chilikni rivojlantirishda yangi qadam
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida Namangan viloyatining Mingbuloq, Namangan, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chust tumanlarida elita urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil etildi. Ushbu xo‘jaliklarda paxta, g‘alla, sabzavot, poliz, dukkakli-don va yem-xashak ekinlari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish uchun ularning har biriga 100 gektardan yer maydoni ajratildi.
bugungi kunda xo‘jaliklar ekin maydonlarida paxtaning Andijon-35, S-6524, Namangan-34, istiqbolli S-8295, bug‘doyning Davr, Aleyeksevich, Antonino, Grom, Bezostaya-100, Gurt, Vexa va Pervitsa navlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga beda, soya, makkajo‘xori, kungaboqar, piyoz, yeryong‘oq, tarvuz, qovun, sabzi, kartoshka, arpa va sholining yuqori avlodli mahalliy urug‘liklari yetishtirilmoqda.
Birgina o‘tgan yili xo‘jaliklar tomonidan 921,5 tonna paxta, 824,4 tonna bug‘doy, 27,1 tonna arpa, 8,0 tonna mosh, 2,4 tonna soya, 5 tonna sholi va boshqa sabzavot va poliz ekinlari urug‘lari yetkazib berildi.
[gallery-3883]
Darvoqe, Mingbuloqdagi elita urug‘chilik xo‘jaligida urug‘liklarni tozalash, saralash va qadoqlash sexi qurib bitkazildi. Sexga o‘rnatilgan yangi texnologiyalar yordamida urug‘liklarning sifati keskin o‘zgaradi va ularda nav aralashmalari, begona o‘t urug‘lari bo‘lmaydi. Shuningdek, nafaqat viloyatda, balki respublikada birinchi bo‘lib “Mingbuloq elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJ qoshida “Uzbek seeds” milliy brendi ostida mahalliy sharoitda yetishtirilgan urug‘liklar bilan savdo qiluvchi do‘kon tashkil etildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA