Uran bozorida yangi bosqich: “Navoiyuran”ning yil natijalari
“Navoiyuran” davlat korxonasi dunyodagi eng yirik uran qazib oluvchi kompaniyalardan biri bo‘lib, 2025-yil yakunlarining dastlabki natijalarini e’lon qiladi.
Hozirgi kunda kompaniya uran qazib olish hajmi bo‘yicha dunyoda 6-o‘rinni egallab turibdi va 43 ta uran konini boshqaradi hamda umumiy hajmi 151,1 ming tonna uranni tashkil etuvchi resurs bazasiga ega. Shundan qariyb 96,6 ming tonnasi JORC standartlariga muvofiq tasdiqlangan zaxiralardir. Kompaniya resurs bazasini izchil kengaytirish bo‘yicha barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya tushumi 2025-yilda 1,1 milliard dollardan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 20 foizdan ziyod o‘sgan. Bu natija birinchi navbatda ishlab chiqarish hajmining 35 foizga oshgani bilan izohlanadi. Uran narxlarining xalqaro bozorda nisbatan yuqori darajada saqlanib qolgani ham tushum o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Kompaniyaning erkin pul oqimi qariyb 60 foizga oshgani alohida e’tiborga loyiq. Bu ko‘rsatkich “Navoiyuran”ning o‘z operatsion faoliyatidan yetarli darajada foydalangani va o‘z investitsiya dasturlarini ichki manbalar hisobiga moliyalashtirish imkoniyatiga ega ekanini anglatadi.
– Bizning ustuvor yo‘nalishlarimiz aktivlarni rivojlantirish, zaxiralarni oshirish, ilg‘or zamonaviy qazib olish texnologiyalarini qo‘llash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat, – deydi kompaniya bosh direktori Jamol Fayzullayev. – Investitsiyalarning asosiy qismi esa yangi konlarni o‘zlashtirish va mavjud aktivlarni kengaytirishga yo‘naltirilgan. Bu esa o‘z navbatida resurs bazasining 52 foizga oshishiga xizmat qilmoqda. Joriy yil boshiga kelib, JORC standartlariga muvofiq tasdiqlangan uran zaxiralari qariyb 100 ming tonnaga yaqinlashgani kompaniyaning kelgusi ishlab chiqarish hajmlarini ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda “Navoiyuran” yer ostida eritib olish texnologiyalarini izchil rivojlantirish orqali samaradorlikni oshirishga erishmoqda. Xususan, kislorodli va karbonatli eritish usullarining joriy etilishi ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish va kimyoviy reagentlar bozoridagi o‘zgaruvchanlikka bog‘liqlikni kamaytirish imkonini bermoqda. Bu esa kompaniyaning uzoq muddatli raqobatbardoshligini ta’minlovchi muhim omillardan biridir.
Shu bilan birga, Qizilqoq va Arnasoy kabi yangi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar “Navoiyuran”ning ishlab chiqarish hajmi va hududlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu loyihalar nafaqat qo‘shimcha resurslar manbai, balki texnologik va infratuzilmaviy salohiyatni ham oshirishga qaratilgan.
Kompaniya faoliyatida ESG tamoyillariga rioya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ekologik ta’sirni kamaytirish va barqaror ishlab chiqarish modellarini joriy etishga qaratilgan tashabbuslar global investorlar uchun ham muhim omillar hisoblanadi.
Umuman olganda, 2025-yil yakunlari “Navoiyuran”ning barqaror o‘sish trayektoriyasida ekanini ko‘rsatadi. Kuchli pul oqimi, past qarz yuklamasi, kengayib borayotgan resurs bazasi va zamonaviy texnologiyalarga tayanayotgan operatsion model kompaniyaning kelgusida ham global uran bozoridagi o‘rnini mustahkamlab borishiga zamin yaratadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri