Universitetda “XONATLAS” festivali
Atlas matolari o‘zining turfaligi, go‘zalligi, qadimiyligi va betakrorligi bilan necha asrlardan beri dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Bunday matoning vatani – O‘zbekiston. Xonatlas esa bu turdagi matolarning eng qimmatbahosi hisoblanadi. U yorqin ranglarda tabiat jilosini, gullar tasvirini o‘zida mujassam etishi bilan barchaning ko‘zini quvnatadi.
Yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi Namangan davlat universitetida ham “XONATLAS” milliy festivali ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Festivalda milliy liboslar vositasida xalqimizning asrlarga tutash bo‘lgan o‘tmishi, urf-odati va an’analari, didi, estetik qarashlari, o‘ziga xos xususiyatlari mujassamligini namoyish etishdek ezgu maqsad nazarda tutildi. Oliy o‘quv yurti hovlisi xonatlas, adras liboslaridagi talaba-qizlar, pedagog-o‘qituvchi ayollar bilan o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Bu go‘zallik qalblarni to‘lqinlantirdi, dillarni yayratdi. Milliy ohangdagi musiqa sadolari va qo‘shiqlar esa bunday go‘zallik va betakrorlikni yanada to‘ldirdi.

Maktabgacha, boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat fakulteti tomonidan tashkil etilgan tadbir talabalar tomonidan ijro etilgan sho‘x kuy-qo‘shiqlar, raqslar, sahna ko‘rinishlari va sport ko‘rgazmalari bilan yanada bayramona tus oldi. Chinakam go‘zallik va milliy kolorit uyg‘unlashgan ko‘rgazmada dizaynerlar tomonidan tikilgan ko‘plab liboslar namoyish etildi. Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, davr qanchalar globallashib, urflar o‘rin almashmasin, atlas, adras va xonatlasdan tikilgan liboslar o‘z qiymati va qadrini yo‘qotmaydi. Bugungi kunda bir qator Yevropa davlatlari, xususan, AQSH hamda italiyalik dizayner va modelerlar ushbu matoga o‘z kolleksiyalarida takror va takror murojaat etmoqdalar.

Anglash mumkinki, ajdodlarimiz yuksak tafakkuri, nozik didi, bebaho hunari tufayli yaratilgan bunday milliy matolarimiz nafaqat zakovat va salohiyatimiz ko‘zgusi, balki milliy g‘ururimiz ifodasiga ham aylanib ulgurdi.

– Milliyligimizni, ma’naviyatimizning bebaho qirralarini asl holicha asrash biz pedagoglar, ta’lim muassasalari vakillari oldiga muhim vazifalarni qo‘yadi, – deydi Namangan davlat universiteti birinchi prorektori Narimon Dehqonov. – Bugun dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olishga intilar ekanmiz, bu jarayonda milliyligimizni, o‘zligimizni, ajdodlar merosiga hurmat hissini saqlab qolmog‘imiz shart. Bu borada esa bugungidek festivallar katta ahamiyat kasb etadi.
“XONATLAS” milliy festivali yoshlarning faol ishtirokida o‘tdi. Bu kabi tadbirlar talabalar o‘rtasida o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarimizga hurmat hissini kuchaytirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri.