Universitetda “Talabalar xavfsizligi kuni”
Bugun yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan, jinoyatchilik va huquqbuzarlik ko‘chasiga kirib qolishdan asrash har bir ta’lim muassasasi oldida turgan eng muhim vazifadir. Chunki zamon shiddatli, unda g‘oyalar, manfaatlar kurashi tobora avj olmoqda. Shunday vaziyatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish talab etiladi.
Bu borada Namangan davlat universitetida haftaning har payshanba kuni – “Talabalar xavfsizligi kuni” etib belgilangan. Ushbu kunda profilaktika inspektorlari hamda universitet mas’ul rahbarlari ishtirokida suhbatlar o‘tkaziladi. Bugungi profilaktik tadbirlarda ham jinoyatchilikning oldini olish, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, giyohvand moddalar iste’molidan va boshqa zararli odatlardan saqlanish xususida so‘z bordi.

Talabalarning ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanishi, kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilish va onlayn tahdidlardan himoyalanish masalalari ham muhokama qilindi. Bunda mutaxassislar talabalar bilan o‘z shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, noma’lum havolalar orqali shaxsiy axborotlarni ulashmaslik va internetda firibgarlikdan saqlanish bo‘yicha o‘z maslahatlarini berdi.
Universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori Narimon Dehqonov, yoshlarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish departamenti boshlig‘i Sherali Jo‘rayev hamda profilaktika inspektorlari ishtirokidagi suhbatlarda talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni turli tanlovlarga jalb etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Namangan davlat universitetida joriy o‘quv yilida yoshlarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish departamentining “Iste’dodli talabalar bilan ishlash” sektori tomonidan bir qator loyihalar amalga oshirilishi nazarda tutilgan. “Tafakkur sohili”, “Bir haftada bir kitob”, “Zakovat” va “Zakovat QUIZ”, “Ovoz” va “Notiqlar klubi” nomli bahsga chorlovchi tadbirlar, bundan tashqari, bir necha yo‘nalishdagi sport musobaqalari ana shunday loyihalar jumlasidan. O‘quv yili davomida 10 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 50 ming nafar talaba qamrab olinadi. Faol ishtirokchilar va tanlovlar g‘oliblari dekabr va may oylarida rag‘batlantirish buning uchun universitet tomonidan 250 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi loyihalar o‘zini tom ma’noda oqlab kelmoqda. O‘tgan o‘quv yillarida birgina “Zakovat” intellektual o‘yini g‘olibi sifatida universitet bilimdonlarining respublikada yuqori natija ko‘rsatgani, voleybolchi talaba-qizlarning respublika musobaqalarida g‘olib bo‘lgani fikrimiz dalili. Universitet hamda talabalar turar joylarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘nlab yo‘nalishdagi to‘garaklar, o‘tkazilayotgan sport musobaqalari har bir talabaning iqtidori va qiziqishini kuchaytiribgina qolmasdan, ularni turli xavf, jinoyatchilik va huquqbuzarlik sodir etishdan, yot g‘oyalar tahdididan himoya qilishga ham xizmat qilmoqda.
Bugungi tadbir yakunida talabalar o‘rtasida xavfsizlik borasida tushuncha va mas’uliyatni oshirish maqsadida buklet va eslatmalar tarqatildi. Bu kabi tadbirlar universitetda doimiy ravishda o‘tkaziladi va talabalar xavfsizligi doimiy nazoratda bo‘ladi. Talabalarning bo‘sh vaqtlari esa mazmunli o‘tish asnosida, ularni yangi maqsad, marra va g‘alabalar sari ruhlantiradi.
Sanjarbek Hamidov,
Namangan davlat universiteti “Press-klub” rahbari.
O‘zA