Universitetda sport festivali
Bugungi kunda yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada ta’lim muassasalarida sport va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar esa alohida ahamiyat kasb etmoqda. Navoiy davlat universitetida tashkil etilgan sport festivali ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim tashabbus bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Qurbonboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, universitet rektori Muhiddin Kalonov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Festival doirasida sportning o‘nga yaqin turi bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinib, ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etdi.

– Bugun axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan, virtual hayot tarzi kengayib borayotgan bir sharoitda yoshlarni sportga jalb etish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi universitet rektori Muhiddin Kalonov. – Chunki jismoniy faollik inson salomatligini mustahkamlash bilan birga, iroda, intizom va mas’uliyat kabi muhim fazilatlarni ham shakllantiradi. Shu ma’noda, bunday festivallar yoshlarni turli salbiy illatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir doirasida mehmonlar universitetning “Umid qo‘rg‘oni” hududida joylashgan fakultetlar, olimpiada maydonida yaratilgan shart-sharoitlar hamda Axborot-resurs markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Uchrashuvlar davomida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.

Navoiy davlat universitetida o‘tkazilgan sport festivali yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bunday tadbirlar yoshlarning jamiyatda faol, intizomli va maqsadli insonlar bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri