Universitet xiyobonidan SHHTga nigoh
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti munosabati bilan shu kunlarda qadimiy va navqiron kentda madaniyat haftaligi o‘tkazilmoqda.
Jumladan, shahardagi Universitet xiyobonida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida “SHHTga nigoh” madaniy-ma’rifiy dasturlari tashkil etildi.
– Mazkur festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Samarqand ahli va mehmonlarining SHHT qanday tuzilma ekanligi, unga a’zo mamlakatlar xalqlarining o‘ziga xos madaniyati, an’analari to‘g‘risidagi tasavvur va tushunchalarini boyitish, san’at va madaniyat barcha millat va elatlarni birlashtiruvchi qudratli kuch ekanligini namoyish etishdan iborat, – deydi mazkur madaniy-ma’rifiy dastur tashkiliy guruhi rahbari Farhod Jo‘rayev. – Buning uchun xiyobondagi sakkiz joyda mamlakatimizdagi rus, tojik, qirg‘iz, qozoq, xitoy milliy madaniy markazlari, Hindiston elchixonasi qoshidagi hind madaniyat markazi, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan pokistonlik talabalar tomonidan ko‘rgazma va madaniy dasturlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, o‘zimizning milliy hunarmandchilik mahsulotlarimiz ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Folklor va xalq etnografik jamoalarining badiiy chiqishlari uyushtirildi. Xiyobondagi ikkita katta sahnada tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar xalqlarining milliy kuy-qo‘shiq va raqslari ijro etilmoqda.
[gallery-8789]
Madaniy tadbirlar davomida Samarqand viloyatidagi teatr jamoalari tomonidan turli sahna ko‘rinishlari, teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish qilinayotir.
– Bugun yurtimizdagi turli millat vakillari bir oila sifatida o‘zimizning turmush tarzimiz, madaniyatimiz, an’analarimizni samarqandliklar va SHHT sammiti mehmonlariga madaniy dastur tarzida ko‘rsatib beryapmiz – deydi Jizzax viloyati qozoq milliy madaniyat markazi rahbari O‘tep Saidomonov. – Bu mamlakatimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi. Bunday tadbirlar do‘stligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Samarqand shahriga bundan ikki yil avval kelgandim. O‘tgan vaqt mobaynida shaharning qiyofasi butunlay o‘zgarib, go‘zallashibdi. Markaziy ko‘chalar kengaytirilib, atrofi obodon qilinibdi. Turfa gullarni aytmaysizmi, ko‘rib havas qildim.
– Dunyo xalqlari o‘rtasidagi madaniy va do‘stlik aloqalarni mustahkamlash, milliy an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash Shanxay hamkorlik tashkilotining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilov. – Bugun dunyo nigohida bo‘lib turgan shahrimizda madaniyat haftaligi o‘tkazishimizning boisi ham shunda. Maqsad – sammitga keladigan mehmonlar va shahrimiz aholisiga boy milliy madaniyatimiz, yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlarning milliy an’ana va qadriyatlarini hunarmandchiligi namunalari bilan yaqindan tanishish uchun imkoniyat yaratishdir.
Ayni paytda Samarqanddagi istirohat bog‘lari, teatr va madaniyat saroylari, savdo-ko‘ngilochar maskanlarda ham konsert va madaniy dasturlar namoyish etilmoqda.
G‘olib HASANOV,
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA