Universitet va mahallalar hamkorligi
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “mahallabay” ishlash tizimi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi va xalqimiz farovonligini yanada oshirish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani keyingi yillarda ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazishga keng yo‘l ochmoqda.
Bu borada Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Universitet tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli sport to‘garaklari mahalla aholisi va yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va kasb-hunar o‘rganishi uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 20 apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat texnika universitetiga Toshkent shahridagi jami 10 ta mahalla, xususan, Olmazor tumanidan 9 ta va Yashnobod tumanidan 1 ta mahalla biriktirilgan. Universitetga biriktirilgan mahallalar yoshlari o‘rtasida “Toshkent davlat texnika universiteti rektori kubogi” musobaqasi tashkil etildi. Musobaqalar sportning “Futzal”, “Stol tennisi”, “Shaxmat” va “Shashka” turlari bo‘yicha 15-20 yosh va 10-14 yosh toifasidagi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilmoqda.
Mazkur musobaqani ochib berishda so‘zga chiqqan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori S.Turobjonov bu kabi tadbirlar mahalla yoshlari va fuqarolarni sportga qiziqtirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularda ishchanlik ruhini ko‘tarish, birdamlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishda ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Darhaqiqat, bu musobaqalar mahalla yoshlarining sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yoshlar orasida sportni ommaviylashtirish hamda sog‘lom turmush tarzini shaklantirishga xizmat qiladi. Mahallalar va universitet o‘rtasida o‘rnatilgan ushbu hamkorlik mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy dunyosi yuksalishi, jismoniy chiniqishiga zamin yaratadi.
Sport – salomatlik garovi, ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Shu bois, O‘zbekistonda sport bilan shug‘ullanish ommaviy tus olmoqda. Sog‘lom turmush tarziga amal qilayotgan yurtdoshlarimiz soni kun sayin ko‘payib borayotgani ham fikrimiz dalilidir. Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, aholining turli qatlamlari, xususan, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish tobora kuchaymoqda. Ushbu islohotlar hayotga tatbiq qilinishida murabbiylardan tashkilotchilik va jonbozlik talab etiladi.
B.Ibragimov,
TDTU Mashinasozlik fakulteti
dekani muovini.