UNICEF: O‘zbekistonda ona va bola salomatligi sohasida muhim natijalar qayd etildi
Bugun UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasida “Ishonch” jamg‘armasining onalik va perinatal parvarish bo‘yicha qo‘shma dasturi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda dastur doirasida erishilgan natijalar sarhisob qilinib, sog‘liqni saqlash tizimida joriy etilgan ilg‘or yondashuvlar taqdim etildi hamda onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha kelgusi vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Shveysariya hukumati, BMTning O‘zbekistondagi agentliklari (UNICEF, UNFPA, JSST) mutasaddilari va soha ekspertlari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va boshqalar mazkur hamkorlik onalar va chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, UNICEF, UNFPA va JSST tomonidan amalga oshirilgan Onalik va perinatal parvarish dasturi uchun yo‘naltirilgan 43,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya “Ishonch” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan ilk yirik loyiha hisoblanadi. Dastur mamlakat bo‘ylab onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilish sohasida salmoqli natijalarga erishish imkonini berdi.
Xususan, dastur doirasida respublika bo‘ylab 230 dan ortiq perinatal markaz modernizatsiya qilindi, 85 mingdan ziyod tibbiyot xodimi malaka oshirish kurslaridan o‘tdi, milliy standartlar va klinik protokollar yangilandi. Natijada qariyb 4 million aholi sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Shuningdek, tug‘ruqdan oldingi parvarish va ona-bola salomatligi bo‘yicha hayotiy muhim ma’lumotlar qariyb 20 million nafar aholiga yetkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, uch yilga yaqin vaqt mobaynida ushbu dastur doirasida respublika bo‘ylab 230 dan ortiq perinatal markazning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ilg‘or inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish va anesteziya apparatlari kabi hayotni saqlab qoluvchi tibbiy uskunalarni xarid qilish uchun 30 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov o‘z nutqida dasturning ahamiyati va uning milliy sog‘liqni saqlash tizimi rivojiga qo‘shgan hissasiga to‘xtaldi.
–So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi tibbiy yordamni mustahkamlash, ixtisoslashtirilgan xizmatlarni rivojlantirish va sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Har bir ayol xavfsiz homiladorlik va tug‘uruq xizmatlaridan bahramand bo‘lishi, har bir chaqaloq esa hayotining ilk daqiqalaridan sifatli tibbiy yordam olishi lozim.
[photobank-https://uza.uz/uz/collection/30085]
“Ishonch 2030” dasturining ahamiyati ham aynan shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan belgilanadi. Shveysariya hukumati, BMT agentliklari, UNICEF va Jahon banki bilan hamkorlikda tibbiyot muassasalari infratuzilmasini yaxshilash va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi. Eng muhimi, biz inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiladigan va dastur yakunlanganidan keyin ham samara beruvchi barqaror tizimni shakllantirdik. Bugun dastur o‘z nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, bu jarayonning yakuni emas. Aksincha, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi boshlanmoqda, – dedi Eldor Odilov.
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijioning ta’kidlashicha, “Ishonch” dasturi doirasida ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida salmoqli natijalarga erishildi.
–Dastur doirasida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, zamonaviy yondashuvlar joriy etildi. Onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati yaxshilandi. Bu natijalarga davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va tibbiyot xodimlarining samarali hamkorligi tufayli erishildi. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar, sifat standartlari va tibbiy xizmatlarning barqarorligini ta’minlovchi mexanizmlar joriy etildi.
Albatta, oldimizda hali ko‘p vazifalar turibdi. Ona va bola salomatligini yanada yaxshilash uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish va aholi uchun sifatli tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ishonchimiz komilki, mazkur dastur doirasida to‘plangan tajriba va shakllangan samarali hamkorlik kelgusida ham mamlakatingiz sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi,– dedi Rehina Kastijio.
Qayd etilganidek, joriy etilgan ilg‘or amaliyotlar, zamonaviy tibbiy texnologiyalar va boshqaruv mexanizmlari sog‘liqni saqlash tizimining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Shu bois, davlat idoralari va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA