Uni barcha yaxshi koʻrardi...
Suyukli shoirimiz bilan suhbatda boʻlgan zamondoshlar xotiralari.
Suyukli shoirimiz bilan suhbatda boʻlgan zamondoshlar xotiralari.
Bahtiyor KARIM, “Adabiyot” gazetasi bosh muharriri:
– Muhammad Yusuf tugʻma shoir edi. 1989-yil qizimni koʻtarib sayr qilib yursam shoir oldimdan chiqib qoldi. Salom-alikdan keyin qizimning yoshini soʻradi. Oʻshanda ikki yoshli chaqaloq edi qizim. Uni sekin qoʻl harakatlari bilan kuldirdi. Qizim kuldi va shoir uning ikki tishini koʻrib, “Mening ikki tishim bor, Dunyo bilan ishim bor..” deb 25-30 qatorlik sheʼr toʻqib yubordi. Suhbatimiz sheʼrxonlikka ulanib ketdi...
Muhammad Yusufda kibr yoʻq edi. Xalq shoiri boʻlsada, oʻzini havaskor shoirlardek tutardi. Hech qachon birovning dilini ogʻritmasdi. Hazil-mutoyibani xush koʻrardi. Achchiq boʻlsa ham doim haqiqatni gapirardi.
Shuncha buyuk xislatlari orasida soddaligi ham unga yarashib turardi. Tohir Malikning qaysidir kitob taqdimotida Muhammad Yusuf bilan yonma-yon oʻtirib qoldik. Havo issiq edi. Shoir biroz sogʻligʻidan nolib, qon bosimi azob berayotganini aytib qoldi. Buning davosi har kuni bir kosa qulupnay, desam rosa ajablangandi. Yoshligida bir doʻsti “qulupnayning ichi toʻla qurt, odam yesa ziyoni bor” degan gapini eshitgandan buyon qulupnay yemaganini aytib meni hayron qoldirgan edi. Bolalarcha sodda, bolalarcha ishonuvchan edi. Alloh rahmatiga olgan boʻlsin!
Yulduz USMONOVA, Oʻzbekiston xalq artisti:
– Muhammad Yusuf bilan qalin doʻst edik. Men unda koʻp shoirlarda koʻrmagan xislatni koʻrdim. U juda baland edi. Hech qachon birovning ortidan yomon gapirmasdi. Mayda odamlardan hazar qilar edi. Doim erkakcha gapirardi, dangal edi. Shoir hech qachon mana bu sheʼrimni qoʻshiq qil, mana shunchaga ol, demasdi. Yoqqan boʻlsa olaver, yaxshi qoʻshiq qilsang boʻlgani, derdi. Kamsuqum odam boʻlsada, har qanday davrada oʻzini erkin tutardi. Har doim nazari toʻq, niyati xolis edi.
Shoirning umri qisqa boʻldi. U shu qisqa hayotida tutamay, yonib ijod qildi. Oʻzidan oʻlmas adabiy meros qoldirdi. Muhammad aka hech kimga oʻxshamagan inson edi. Sodda, samimiy. Qalbi goʻzal va uygʻoq edi. Men nima uchun u kishining sheʼridan koʻp foydalanardim? U kishining sheʼrlarida dard bor edi. Muhammad Yusuf xalq dardini tushunardi. Xalq uchun, Vatan uchun, Mustaqillik uchun yonib yozardi. U kishining yuragi xalq yuragi bilan hamohang urardi. Muhammad Yusuf sheʼrlari orqali nafaqat oʻzini, balki qancha-qancha hofizlarni, xonandalarni elga tanitdi. Shoirning har bir soʻzi sheʼr edi. Uning “Oʻzbekiston” sheʼrini bir eslang-a! Qanday goʻzal, jozibali, kuchli qoʻshiq boʻldi. Hatto yoshlar gimniga aylanib ketdi. Shunday sheʼrni bitgan shoir oʻlishi mumkinmi?! Yoʻq, aslo! U hamisha tirik! Betakror sheʼrlarida yashaydi, qoʻshiqlarimizda yashayveradi.