Un ishlab chiqaruvchilar faoliyati qayta ko‘rib chiqildi
Un — har bir xonadon dasturxonida bor mahsulot. Shu bois uning ishlab chiqarilishi, sifati va bozordagi narxi doimo e’tiborda.
Ayniqsa, birja orqali sotilgan bug‘doydan ishlab chiqarilayotgan unning belgilangan talablarga muvofiqligi muhim. Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi xatlov esa sohada nazoratni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi.
Qo‘mita tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq, birja savdolarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar, xususan, bug‘doy va unning birja orqali sotilishi, realizatsiya qilinishi hamda narx shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Shu doirada Qo‘mita Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda Jamg‘arma tomonidan birja savdolari orqali sotilgan bug‘doyni xarid qilgan un ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qayta xatlovdan o‘tkazdi.
O‘rganish jarayonida korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, donni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi, ombor va saqlash imkoniyatlari, shuningdek, muvofiqlik sertifikati hamda sanitariya-epidemiologik xulosasi mavjudligiga e’tibor qaratildi.
Xatlov natijasida respublikada un ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan 301 ta tadbirkorlik sub’ekti borligi aniqlandi. Ularning 49 tasi o‘z ishlab chiqarish quvvatiga ega emas, balki davlat shartnomalari asosida faoliyat yuritmoqda. 22 ta korxona vaqtincha ishlamayotgan bo‘lsa, 6 tasining faoliyati to‘xtatilgan.
Shuningdek, 42 ta korxonada muvofiqlik sertifikati, 8 tasida esa sanitariya-epidemiologik xulosa mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi Jamg‘arma bug‘doyini xarid qilgan korxonalar tomonidan undan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish va sohadagi tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tegishli instansiyalarga takliflar kiritdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA