Umri qo‘shiqlarida davom etayotgan san’atkor
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida atoqli san’atkor, O‘zbekiston xalq hofizi Faxriddin Umarov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
"Infolib O‘zbekiston - 2021" X Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir har qanday avvaldan rejalashtirilgan, rejissyorlar tomonidan puxta tayyorgarlik ko‘rilgan konsert dasturlaridan sira qolishmadi, hatto afzal bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Garchi tadbir Zoom ish tartibida tashkil etilgan bo‘lsa-da, unda xalqimizning mashhur va ardoqli san’atkorlari bilan birga o‘zbek va tojik xalqlarining sevimli xonandasi, ustoz san’atkor Jo‘rabek Murodovning shaxsan kelib ishtirok etgani, benazir qo‘shiqchining nainki Faxriddin Umarov, balki jonajon O‘zbekistonimizga bo‘lgan cheksiz ehtiromi, mehri va rostmana hurmatining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Katta avlod vakillari Faxriddin Umarovning nechog‘li iste’dodli, betakror ovoz sohibi bo‘lganini ko‘p bora aytadi. Darhaqiqat, xonandaning qo‘shiqlari o‘z davrida ta’bir joiz bo‘lsa, hozirgi tilda ta’rif berganda "xitga aylangan" qo‘shiqlardir. Ayni paytda milliy musiqamizning chin ixlosmandlari bu qo‘shiqlarni hamon tinglaydi.

- 1955 yillar bo‘lsa kerak, bir guruh o‘zbek san’atkorlari qatorida Faxriddin Umarov ham Tojikistonga ijodiy safar bilan bordilar, - deydi Jo‘rabek Murodov. - Tojik xalqi ularning ijrolarini juda intiqlik bilan kutib oldi. Ustoz mening ijromni tinglab ko‘rib, duo bergan edilar. Shundan buyon ular bilan aka-uka edik. Faxriddin Umarov el uchun ijod qilgan san’atkordir. Mana ellik yildan buyon u kishining torlari mening qo‘limda. Bu tor men bilan jahonning qancha -qancha davlatlarida ijodiy safarlarda bo‘ldi. Ustoz Faxriddin Umarov she’rni teran anglaydigan, o‘z davrining juda mashhur san’atkori edi. Ustozning ruhi shod bo‘lsin, ilohim!
Xotira kechasida G‘ulomjon Yoqubov, Xayrulla Lutfullayev, Abduhoshim Ismoilov Faxriddin Umarovning ijod yo‘li, ustozlik maqomi, qo‘shiqlarining milliy san’atimizdagi ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritdi.
Turon fanlar akademiyasi prezidenti Haydar Bobobekov Faxriddin Umarovni faxriy akademik unvoniga sazovor etib, hofizning farzandi Jamoliddin Umarovga nishon topshirdi.
Faxriddin Umarovning farzandlari, oila a’zolari san’atkor xotirasini e’zozlash borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Xotira kechasi milliy mumtoz qo‘shiqlarning betakror guldastasi, san’at, do‘stlik, ezgulik bayrami sifatida yuksak saviyada o‘tdi. Ha, chindan ham Faxriddin Umarovning ikkinchi umri uning dilbar qo‘shiqlarida, nainki tasmalarda, balki muxlislar yuraklarida qolgan betakror ovozida hamon yashamoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA