“Umra – 2022” mavsumi boshlangani haqida ma’lumot
2022 yilning 22 yanvar kuni “Uzbekistan Airways” AJ Toshkent-Jidda reysi bilan 239 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Umra ziyoratiga yo‘l oldilar.
Ziyoratchilarga yetakchi imomlar va mutaxassislardan iborat guruh rahbarlari va shifokorlar hamrohlik qilmoqdalar.
Jo‘nab ketish arafasida barcha ziyoratchilar PZR-testi topshirdilar va emlanganlik to‘g‘risida xalqaro guvohnomalar bilan ta’minlandilar.
Saudiyalik hamkorlar bilan kelishilganidek joriy yilda o‘zbekistonlik ziyoratchilarga Makka shahrida “Xilton” va Madina shahrida “Pulman” mehmonxonalarida yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. Mehmonxonalar tabarruk masjidlarning yonginasida joylashgani sababli ibodatlarga borish uchun avtobuslarga ehtiyoj bo‘lmaydi.
Ziyoratchilar 2 yillik tanaffusdan so‘ng yana umra ziyoratiga borish imkoni yaratilganidan mamnun ekanlarini bildirib, murakkab vaziyatga qaramay mo‘min-musulmonlarga qulay sharoitlar yaratib berilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Rahbariga minnatdorchilik izhor qildilar.
Ziyoratchilarni Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa mas’ullar kuzatib qo‘ydilar.
Jiddadagi Bosh konsulxonamizdan olingan xabarga ko‘ra, ziyoratchilar reysi eson-omon Saudiyaga yetib borgan va fuqarolarimiz sog‘-omon mehmonxonalarga joylashtirilganlar.
Navbatdagi reyslar 25 va 28 yanvar sanalariga rejalashtirilgan. Ularda yana 478 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadi.