Ulug‘bek Inoyatov: pensiya ta’minotidagi muammolarni yechishda XDP o‘z tashabbuslariga ega
Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida davlatimiz rahbari siyosiy partiyalar ilgari surgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan holda siyosiy partiyalar va deputatlarni faollikka chaqirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Prezident nutqi bo‘yicha o‘z munosabatini bayon qilar ekan, pensiya bilan bog‘liq masalalar partiyaning doimiy e’tiborida ekanini qayd etdi:
– Prezidentimiz partiyamiz saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan hamda xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan ikkita eng muhim masalaga e’tibor qaratdi. Qayd etilganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning sharoitlari yaxshilanishi jamiyatimizning inklyuzivligi uchun juda muhim. Buning natijasida imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga teng huquqiy sharoitlar yuzaga keladi.

Xalq demokratik partiyasi har doim nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq-manfaatlarini himoya qilishga intiladi. Hamisha o‘z dasturlarida ularning hayotini yaxshilash, manfaatlarini ta’minlashga oid tashabbuslarni ilgari surib keladi.
Binobarin, nogironligi bo‘lgan insonlarga qulay muhit va sharoitlar yaratilishi muhim. Ular ham ijtimoiy hayotning faol qatnashchisi bo‘lishi, o‘z qobiliyatini namoyon qila olishi lozim. Imkoniyatlar kengayishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham jamiyatimizdagi faolligini yanada oshirish uchun ayni muddao bo‘ladi. Chunki inklyuzivlik, avvalo, harakat uchun imkoniyat degani. Harakatlanish, ta’lim, hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaysa, tabiiy ravishda ularning huquqlari amalga oshadi.
Pensiya bilan bog‘liq takliflarni ham saylovchilar intiqlik bilan kutyapti. Fraksiyamiz Hukumatdagi ishchi guruh bilan hamkorlikda ishlab, saylovoldi dasturimiz ijrosini amalga oshirishga astoydil harakat qiladi.
Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, yurtimizda ham o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi oshib bormoqda. Yil sayin safi kengayib borayotgan keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, Konstitutsiyamizda belgilanganidek, har kim qariganda ijtimoiy ta’minot olish huquqini kafolatlash davlat resurslariga ehtiyojni oshirmoqda. Bu esa pensiya tizimini keng ko‘lamli isloh qilish, pensiya tayinlash shartlarini qayta ko‘rib chiqish, tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlash borasida jiddiy qadamlar tashlashni taqozo qilyapti.
Hozirgi kunda mamlakatimizda Pensiya jamg‘armasidan nafaqa oluvchilar soni 4 milliondan oshgan. Ularning hayot darajasini yaxshilash, ijtimoiy faolligini oshirish, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun pensiya ta’minotidagi mavjud muammolarni yechishda partiyamiz o‘z tashabbuslariga ega. Misol uchun, uzoq yillar oldin sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida mehnat faoliyatini yuritgan fuqarolarning ana shu mehnat davrlarini pensiya tayinlashda to‘liq yil sifatida inobatga olish, ayollarning farzandlari uch yoshga to‘lguncha tug‘uruq ta’tillarida bo‘lish vaqtini ish stajiga to‘liq qo‘shib hisoblash takliflarini ilgari surganmiz.
Shu o‘rinda bir masalani tan olishimiz kerak, ya’ni pensionerlar o‘zlarining jamg‘arib borilayotgan pulini boshqarish tizimida ishtirok etmaydi. Partiyamiz jamg‘arib borilayotgan mablag‘larni boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish va unda bevosita pensionerning o‘zi ishtirok etishi kerak, deb hisoblaydi. Masalan, fuqarolarga shaxsiy jamg‘arib borilayotgan pensiya mablag‘larini boshqarish, ularni onlayn ravishda kuzatish, bankka depozitga qo‘yish orqali ko‘paytirib borish imkoniyatini berish orqali tizimda shaffoflikni ta’minlash mumkin.
Bundan tashqari, pensiyaga chiqib, kamida besh yil ishlab, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash imkoniyatini berish va pensiya yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish bo‘yicha yuritilayotgan siyosatni davom ettirish tarafdorimiz.
Yig‘ilishda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilingani, 2025 yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha katta marra olingani alohida qayd etildi. Mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda nafaqat O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi, balki partiyaning hududlardagi 1200 nafarga yaqin deputatlari faol ishtirokchi bo‘ladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.