Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon
Poytaxtimizdagi "Xalqlar do‘stligi" saroyiga tutash muazzam maydonda shu shior ostida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu ma’rifiy aksiyaga ijodkor ziyolilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, muallimlar, talaba-yoshlar taklif etildi.
Garchi havo sovuq bo‘lishiga qaramay maydonga anchagina odam to‘plangan. Kimdir dildan suhbat qurmoqda, ana bir guruh harbiy kursantlar bayroqlar fonida shodon suratga tushishmoqda. Ulkan monitorda yurtimizdagi yangilanish odimlari aks etgan lavhalar namoyish qilinyapti.
Ma’rifiy tadbir boshlanishiga chorlov musiqasi yangraydi. Madhiyamiz yangraydi. Madhiyamizni maydonga to‘plangan barcha qo‘li ko‘ksida baralla ijro etadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, sportning taekvonda turi bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin mamlakatimizdagi jadal islohotlar ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda ham shiddatli tarzda kechayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, tadbirda ta’kidlanganidek, madhiyamiz Vatanimiz mustaqilligi, ozodligi, hurriyatning o‘ziga xos shahodatnomasidir.Unda uzoq yillar erksizlikda yashagan xalqimizning pokiza orzu-intilishlari, umidlari, maqsadlari mujassamdir. Madhiyamiz qabul qilingan kun esa o‘zi taqdirini shu aziz Vatan bilan bog‘lagan har bir yurtdoshimizning bayramidir.
Vatanga muhabbat unga bo‘lgan sadoqat bilan belgilanadi. Bugun biz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydik, ma’naviy yuksalish sari dadil odimlamoqdamiz. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi intilishlar xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda. Madhiyamiz mamlakatni ozodlik, erk yo‘lida tutib turuvchi ruhiy qudrat manbaidir. Uni shodon, quvonchli damlarda ham, sinovli kunlarda ham tik turib tinglaydilar.Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda madhiyamizga nisbatan behurmat munosabatlarning guvohi bo‘lishdek taassufli holatlarga ham duch kelamiz. Inson huquqlarini pesh etayotgan "bilimdonlar" jahonning eng rivojlangan davlatlarida ham davlat madhiyasiga hurmat hissini shakllantirish ustuvor ekanidan bexabar chog‘i. Holbuki, Yaponiya, AQSH, Avstraliya kabi davlatlarda madhiya vositasida vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkam qaror toptirishga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Azaldan buyuk tarix, buyuk davlatchilik asoslarini yaratgan ajdodlarning vorislarimiz. Madhiyaga hurmat Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmudxo‘ja Behbudiy singari bobolarimizga, oq yuvib, oq taragan ona xalqimizga ehtirom ko‘rsatish chin farzandlik burchimiz. Zero, u O‘zbekistondek qutlug‘ diyor jahonda borligining yana bir tasdig‘i. Uning qayg‘usi bilan yashab , shodligiga sherik ekanimizning shahodatidir.
–- Madhiyamizning qadri Vatandan olislarda yanada ko‘proq bilinadi, – dedi karate bo‘yicha uch karra Osiyo sovrindori, chempion qiz Barno Mirzayeva.– Xalqaro musobaqalarda u bizga doim kuch-quvvat, ruhiy dalda beradi. Madhiyamizni baralla kuylashni juda yoqtiraman.
– Madhiyamiz bizga cheksiz faxr, iftixor bag‘ishlaydi, – dedi Milliy gvardiya tarkibidagi Temurbeklar maktabi kursanti Javohir Rahimov. – Vatanimizga, jasur ajdodlarimizga, xalqimizga munosib bo‘lish, uni ko‘z qorachig‘idek avaylash burchimizdir.
Tantanali tadbirda harbiy ansambllar, badiiy jamoalar, san’at ustalari va ijrochi yoshlarning Vatan, istiqlol, hurriyatni, bunyodkor xalqimizni tarannum etuvchi jo‘shqin qo‘shiqlari yangradi. Ma’rifiy tadbir g‘oyat ko‘tarinki va bayramona ruhda o‘tdi. Bu kabi ma’rifiy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA