Ulug‘ bayramga tayyorgarlik ishlari ko‘rib chiqildi
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!”
Shu kunlarda jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonalarini munosib nishonlash, mard va matonatli xalqimizning qat’iy irodasi, orzu-umidlarining ro‘yobi bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosini o‘zida ifoda etadigan bayram shodiyonalarini joylarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida tantana qilinadigan milliy istiqlolimizning ulug‘ bayramini yuksak darajada, munosib nishonlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Chirchiq shahri va unga tutash mahallalarda tashkil etiladigan bayram tadbirlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tegishli tashkilot va korxonalarning mas’ullari, jamoatchilik vakillari ishtirokidagi sayyor yig‘ilishda bayramni har jihatdan yuqori saviyada tashkil etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha korxona va tashkilotlar ishtirokida saf ko‘rigi o‘tkazilib, tayyorgarlik darajasi baholandi.

Saf ko‘rigi davomida maxsus texnika va asbob-uskunalarning shayligi, safarbarlik holati hamda belgilangan vazifalarni tezkorlik bilan bajarish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, bayram tadbiri davomida jamoat xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda tezkor harakat qilish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning vazifalari belgilandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA