Ufuk Ulutash: Turkiya – O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da Turkiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash ishtirokida xalqaro tizim transformatsiyasining zamonaviy tendensiyalari hamda o‘zbek-turk strategik hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan ochiq ma’ruza tashkil qilindi.
Tadbirda diplomatik korpus vakillari, tahliliy markazlar ekspertlari, akademik hamjamiyat va ishbilarmon doiralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek davlat idoralari va boshqa tegishli tuzilmalar vakillari to‘plandi.
MOXI direktori Javlon Vahobov uchrashuv Amir Temur tavalludining 690 yilligi nishonlanayotgan kunlarda o‘tkazilishi ramziy ma’noga egaligini qayd etdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va turkiy dunyoni birlashtiruvchi tarixiy meros hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida elchi Ufuk Ulutash ham jahon miqyosida kechayotgan voqealarga odilona yondashuv haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanishicha, zamonaviy xalqaro tizim chuqur qayta shakllanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Bu jarayon bashoratlarga ishonch kamayishi, xalqaro me’yorlar samarasiz qo‘llanishi bilan tavsiflanadi. Qolaversa, shakllanayotgan yangi voqelik – “tizimli noaniqlik” asnosida beqarorlik istisno emas, balki global muhitning barqaror xususiyatiga aylanmoqda.
Bunday sharoitda Turkiya va O‘zbekiston ham tashqi siyosiy aloqalar samaradorligin oshirish, ortiqcha qaramlikdan qochish, strategik hamkorlik doirasini kengaytirishga intilmoqda. Shu nuqtai nazardan mintaqaviy sheriklikni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
– Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar endilikda shunchaki “deklarativ salohiyat” doirasidan chiqib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, – deydi elchi Ufuk Ulutash. – Bugungi kunda aloqalarimiz siyosiy, iqtisodiy, institutsional va strategik yo‘nalishlarni qamrab olgan ko‘p qatlamli ko‘rinish kasb etgan. O‘zbek-turk do‘stligining o‘ziga xosligi azaliy xususiyatlar shaklida namoyon bo‘lmoqda.
Anjuman davomida mamlakatimiz ichki va tashqi transformatsiyasiga alohida e’tibor qaratilib, mamlakat ochiq, faol tashqi siyosat yuritayotgani, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi o‘rnini tobora kuchaytirdi.
[gallery-28669]
Diplomat Turkiya tashqi siyosatining asosiy tamoyillari haqida ham gapirib o‘tdi. Ikki tomonlama hamkorlikni institutsionallashtirish masalasiga alohida urg‘u berildi. Xususan, Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi faoliyati kelishuvlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish, hamkorlik barqarorligini ta’minlashning muhim mexanizmi sifatida qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, turk biznesi O‘zbekistonda faol ishtirok etib, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
Asosiy muammolardan biri sifatida transport zanjiri masalasi ko‘rsatildi. Ushbu muammoni hal etish Markaziy Osiyoni xalqaro savdoning muhim markaziga aylantirishga xizmat qiluvchi tranzit yo‘laklari va logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali ko‘rib chiqilmoqda.
Turkiy davlatlar tashkilotining mintaqaviy hamkorlik platformasi sifatidagi roli tobora kuchayib borayotgani ham ta’kidlandi. O‘zbekistonning ishtiroki tuzilma faoliyatiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlab, institutsional salohiyatni mustahkamlayotgani e’tirof etildi.
Ufuk Ulumash Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham to‘xtalib, har qanday mojaro xalqaro tizimda chuqur inqirozni yuzaga keltirishi, xususan xalqaro huquqiy me’yorlar yemirilishi, kuch ishlatish holatlari ortib borishiga urg‘u berdi.
Tadbir yakunida yakdil xulosa sifatida O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi tobora kuchayib borayotgan global noaniqlik sharoitida barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qodir yangi hamkorlik modeli sifatida shakllanayotgani ma’qullandi.
Go‘zal Sattorova,
Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA